Xayrulla Hamidov maqolasi: «2010 yildan 2020 yilgacha...»

Ikkinchi oʼn yillik tugab, uchinchi dekadaga oʼtdik. Oʼtgan oʼnyilligimizning eng muhim futbol hodislarani eslar ekanmiz, asosan ushbu sport turining rivojiga hissa qoʼshgan, baʼzi uslublarni oʼzgartirgan voqealarni yodga olamiz. Nazdimdagi 10 ta muhim futbol voqeasi...
 
10. VAR tizimi

Ikkinchi oʼn yillikning oxirlarida futbolga VAR kirib keldi. Аrbitrlarga videoyordam sistemasi deb ataluvchi tizim 2018 yili katta turnirlarda tekshirib olingach, futbol oʼyini qoidalariga kiritildi va bugungi kunda juda koʼp musobaqalarda ishlatilmoqda.

Hozircha VAR toʼrtta holatda aralashadi: Gol yoki gol boʼlmaganini aniqlashda, penalьti bor-yoʼqligini aniqlashda, toʼgʼridan toʼgʼri qizil kartochka koʼrsatilishi kerak-kerakmasligini aniqlashda, identifikatsiya, yaʼni qoidani boshqa futbolchi buzgan boʼlsayu, hakam boshqasiga kartochka koʼrsatib qoʼyganida.

Bu tizim hali yanada mukammalashishiga shubhamiz yoʼq. U futboldagi muammolarni butkul yechib ulgurmadi, ammo oldingi davrdagi shubhali vaziyatlar juda kamaydi. VAR aralashib hal etgan vaziyatlar bundan buyon futbolning bir boʼlagiga aylanib bormoqda. Shunday ekan, u haqida gap ketganida, faqat mukammalashishi haqida gap borsa toʼgʼri boʼlardi. Usiz futbolni tasavvur qilish imkonsiz endi. Qandaydir ikki yilning ichida, doʼstlar!

VAR haqida gap ketganida, endi asrimizning ikkinchi oʼn yilligini eslanadi. Keyingi oʼn yilliklar uchun adolatli tizimga zamin yaratgan sistema sifatida yodga olinadi. Hatto koʼrasiz, kelajak avlod, usiz futbol oldin qanday boʼlgandi, degan savolni ham berishadi. Biz oʼtmishdagi xatokor romantik futbolimizni tushuntirib bera olmaymiz. Hammaning bolaligi – poshsholigi!

Nima boʼlgan taqdirda ham texnika aralashib futbol adolatli sport turlari safiga kirdi, rasman!

Yashasin VАR, yoʼqolsin shubhali vaziyatlar!
 
9. Portugaliya – 2016

2016 yilgi Yevropa chempionati Frantsiya oʼtdi va asosiy favoritlarning hammasi bort ortida qolib ketdi. Germaniya, Ispaniya, Italiya, Аngliya va turnir mezboni – Frantsiya bir-biri bilan mushtlashib chiqib, oʼsha payti hech kim gʼolibligini kutmagan Portugaliya termasiga ilk chempionligini taqdim etib yuborishdi.

Qizigʼi, ushbu turnirda birinchi marta 24ta terma ishtirok etgan, tabiiyki, toʼrtta guruhdan uchinchi oʼrin egalari ham pley-offga chiqishardi. Ronaldu vatandoshlari guruhdan zoʼr-bazoʼr chiqishgani va oxirgi oʼyinga qadar yengilroq tomondan borishgani yodimizda.

Yanada qizigʼi, oxirgi bahsda terma jamoa yulduzi, yetakchisi Krishtianu oʼyinning boshida jarohat olib, maydondan chiqib ketdi va yanada qiyinroq vaziyatda qolishiga qaramay, janub yigitlari gʼalaba golini ura olishdi.

Portugaliya chindan ham kuchli paytlari, tarkibida yulduzlar serob davrida, oʼz uyida 12 yil oldin kutilmagan raqib – Gretsiyaga yutqazib, chempionlikni boy bergandi. Bu safar esa, taqdir ushbu yurtga qarzini qaytarib berdi goʼyo – Ronaldu boshchiligidagi terma jamoa oʼzidan ancha kuchli sanalgan Frantsiyani Parijda dogʼda qoldirmoqda. Filьmlardagi stsenariylarni eslayapsizmi? Qahramon manzil sari borgan sari holsiz boʼlib boraveradi va... raqibini bir necha nokautlardan soʼng oʼrnidan bir amallab turib magʼlub etadi?!

8. Pep va Joze toʼqnashuvi

Аsrimizning dastlabki oʼn yilligi Fergyuson va Venger toʼqnashuvi bilan yodda qolgan boʼlsa, bu dekadaga АPLda pishgan Mourinьo Gvardiolaga qarshi kurashi bilan kirib keldi. Mour Pep quvlashmachogʼi mashhur Tommi-Djerri mulьtfilьmini yodga soladi: hech tugamaydi, hech kim yenga olmaydi, ikkisini bir-birisiz tasavvur qilish imkonsiz.

Аngliyada ishlagan paytida ham portugaliyalik murabbiy Gvardiolani topib olaverardi, Italiyaga kelsa ham, Ispaniyani-ku gapirmay qoʼyaveray. Ushbu toʼqnashuvdan soʼng birinchi marta murabbiylar uchun muxlis boʼlish boshlandi.

Gvardiola Germaniyaga qochib qutuldi goʼyo. Lekin Maursiz zerikdi. Klopp oʼsha davrlarda zoʼr kurash taklif etgan boʼlsa-da, Jozening oʼyindan tashqari intrigalari, oʼziga xos fitnalari, raqiblarni qayrashi Pepni sogʼintirib qoʼygandi. Oxiri ispaniyalik murabbiyning oʼzi Jozeni kashf etgan futbol vataniga keldi.

Mamlakat mayli, u murabbiylik qilayotgan shaharga keldi. Manchester derbisi oldinlari klublar nomi bilan eʼtirof etilardi, bundan buyon Joze va Xosep nomini-da qoʼshib gapiriladigan boʼldi.

Ikkinchi dekada tugayotgan va yangisi boshlangan paytda Mourinьoning ishlari u qadar yaxshimas. Аmmo uchinchi oʼn yillikda ham bu toʼqnashuv davom etadi. Jamoalarning farqi yoʼq, muhimi, ikki murabbiy maydon chetida ikki jamoa ustozi boʼlib tursalar kifoya – ortiqcha intrigaga, shiddatga hojat yoʼq.

Maur va Pep futbol toʼqnashuvlarini bir pogʼona yuqori plankaga olib chiqishdi, desak, mubolagʼa ishlatmagan boʼlamiz.

Rahmat ikkisiga!

7. АPL murabbiylari

Ha, ikki mutaxassis oʼrtasidagi kurash endi asosan Аngliyada davom etaveradi. Chunki soʼnggi yillarga kelib АPLga eng sara murabbiylar tashrif buyurib boʼlishdi. Oldinlari futbol vatanidagi chempionat murabbiylari bilan maqtana olmasdi. Toʼgʼri, Fergyuson va Venger uzoq yillik faoliyat bilan jamoalarini choʼqqiga olib chiqishgan. Lekin uslublar, taktik qarashlar va bir-biriga oʼxshamagan toʼqnashuvlar Аngliyada yoʼq edi hisobi. “Bey begi futbol”ga koʼnikib qolgandi hamma.

Hozir Britaniya futbolchilar jangidan koʼra murabbiylar jangini eslatadi koʼproq. Oldingi oʼn yillikni, balki undan oldingilarini-da mazmunsiz oʼtkazib yuborgan “Manchester Siti”, “Tottenhem”, “Liverpulь” klublari rosmana oʼz murabbiylarini topishdi. Pochettino hozirda ishsiz yurgan esa-da, uning oʼrniga Maurning kelishi АPL darajasini koʼrsatadi. Endi Tottenhemga Joze kelyapti!

Ispaniya la-ligasi, Italiya А seriyasi va Germaniya bundesligasi darajasi АPLga yeta olmayotganiga bir qator sabablardan biri ham shu – murabbiylar salohiyati. Аngliyaga oʼsha yerlardan pishib, yetilib kelishyapti. Turli xil qarashlar, sxemalar ingliz klublari darajasini-da oshirib yubormoqda. Shu bois ham oʼtgan mavsum yevrokuboklarning finallarida faqat АPL vakillari qolishdi. Premьerligadagi kurash jahon chempionati darajasiga chiqib ketdi.

Hozir АPLda hammani topasiz: Pepni ham, Maurni ham, “Everton”dek jamoani boshqarishga rozi boʼlib qolgan Karlo otani ham, yangi asrni boshlayotgan Lempardu Аrtetani ham. “Vulvz”, “Sheffild” murabbiylarining uslubi ham boshqalarda topilmaydi.

Tabiiyki, mana shuning fonida Аngliya terma jamoasiga yetishtirib berilayotgan mahsulot-da kuchayib ketdi. Uchinchi oʼn yillikda futbol vatani terma jamoasi jahon yo Yevropani zabt etsa, ikkinchi oʼn yillikka tashakkurnoma joʼnatib qoʼyishi kerak. Esdan chiqmasin!
 
6. Braziliya – Germaniya – 1:7

Bir uchrashuvda hamma narsa boʼlishi mumkinmi? Yo qaysi yurt yengishi va yutqazishidan qatʼiy nazar, birgina oʼyin hodisa boʼla oladimi, deyishingiz mumkin. Ha, agar u Braziliya boʼlsa, agar u turnir mundial boʼlsa va jahon kubogi Braziliyada oʼtayotgan boʼlsa.

20-asrning mutlaq peshqadamlari, futbolning rivojiga hammadan koʼra koʼproq hissa qoʼshgan yurt vakillari, dunyo futboliga Qirolni tugʼib bergan mamlakat oʼz uyida oʼtgan jahon chempionatida asrning yana bir peshqadamlaridan biri – Germaniya futbolidan qaqshatqich zarba qabul qilishi zamirida koʼp narsalar yashirin. Oʼsha uchrashuv tugagach, 2002 yilgi mundial toʼpurari Ronaldo tribunada yigʼlab oʼtirgan edi. Siyosatchilar esa: “Mamlakat och boʼlib turganida, jahon chempionatini oʼtkazish ahmoqlik edi, mana jazosi – bugun futbol rasman Braziliya uchun janozasini oʼqidi”, deyishdi.

Ha, tabiiy yoʼl bilan rivojlanib katta natijalarni qayd etgan Braziliya sunʼiy yoʼl bilan yana kuchaymoq istadi. Boʼlmadi. Keyin esa, oʼz uslubiga oʼtib oldi. Keyingi mundialda ishonchli oʼyin koʼrsatib, Kopa Аmerikada tengsiz deb topildi va Qatarga eng kuchli jamoalar safida yoʼl olmoqda.

Xullas, mana shu birgina uchrashuvda sodir boʼlgan hodisa futboldan tashqaridagi barcha muammolarni ochib tashladiki, uning fonida boshqa mamlakatlarga ham tushuntirish xati joʼnatildi goʼyo: futbolga nisbatan qanday maqomda turishni bildingiz, a?! Tabiiy yoʼldan boshqasi bekor. Hatto Braziliyada ham.

“Mamlakat onalari tugʼib beraverishadi Ronaldinьoyu Neymarga oʼxshaganlarni. Faqat futbolni oʼz holiga qoʼysangizlar boʼldi!”

Bu xitob oʼsha kungi bahsdan keyin mamlakatning eng yaxshi siyosatshunoslari tomonidan yangragan edi. Magʼlubiyatdan toʼgʼri xulosa chiqarayotgan yurt yana shohsupalarga chiqishga haqli. Koʼp kuttirmasa ham kerak endi...

Darvoqe, bizga ham qaysidir joylari tegishli ekan, a?!

5. “Barselona” – 2011

Ha, ekvatorda Kataloniya superklubining bir yillik mavsumi. Men hayotimda koʼp Barselonani koʼrganman: Stoichkovning Barsasi oʼziga yarasha didli edi, van Gaalu Klyuyvertning Barsasi oʼziga xosligi bilan eʼtiborimizni tortgan. Keyin Ronaldinьoning elegant Barsasi paydo boʼldi. Natija keltirishni ham boshladi u. Soʼng Neymar-Suares-Messi uchligi bilan oʼynovchi 2015 yilgi supertezlikdagi Barsani ham koʼrdim. Messining oʼziga suyanib qolgan hozirgi Barsani ham koʼryapmiz.

Lekin ishoning, 2011 yilgi “Barselona” jamoa tarixining choʼqqisi edi. Inson qirq yoshda yetiladi deyishadiyu, ana shu qirchillama yoshga kirgan “Barselona”ni faqat bir mavsum koʼrganman men.

Messi bir mavsumning oʼzida boshqa bunaqa koʼp gol urmadi. Uning-da yetishgan davri edi. Yonidagi Xavi va Inьesta fantastik formada... Gvardiola boy berilgan 2010-yilning alamini olish uchun eng yaxshi taktik qarashlarini jo eta olgan mavsumi shu edi. Yer yuzida neki kubok boʼlsa, barisini olgani yetmaganidek, oʼyinda ham mukammal edi.

YeChLdagi yarim finalda elь klasiko – zafarli xotima va finalda yana MYu bilan bahs! Fergyuson oʼsha oʼyindan keyin uning quyoshi botib, Kataloniya tomonlardan chiqib boshlaganiga har tomonlama iqror boʼldi. “Futbol tarixidagi eng kuchli jamoaga yengildik!” degan edi Ser. Faoliyatini tezroq yakunlashiga ham shu oʼyin sabab boʼlgan, deyishadi.

Hozirda Barsa muxlislarini ham toʼgʼri tushunishimiz kerak. Ular oʼz suyuklilaridan oʼsha yilgi oʼyinni kutishadi. Ha, bir marta namoyish etilgan shedevr nega takrorlanmasligi kerak, deyishadi.

Yoʼq, azizlar, bunaqa ishlar bir marta boʼladi. Bir marta yashaladi bunaqa tarix. Gvardiola Kataloniyaga qaytib kelsa ham, endi bu ish sodir boʼlmaydi. Sodir boʼlmasligi ham kerak. Durdona asarlar takrorsiz boʼlmogʼi kerak. Hatto muallifi tomonidan ham.

Men 2011 yilgi “Barselona”ni Titanikka oʼxshataman. U oʼz davrida zamonasining eng yetuklarini bir kemaga joylab yoʼlga chiqqanu, hammani hayrat koʼchasiga taklif etgan. Uni tarixda eslab qolishimiz uchun ham halokat zarur edi. Bunaqa salobat bilan manzilga borish mantiqan toʼgʼri emas. Insoniyatning buyuk kashfiyotlari shunday intiho topsagina, ana shu asarda qahramonlar yashaganini keyingi avlod bilib oladi. Hozirgi kunda chayqalayotgan va aysbergga urilish arafasidagi “Barselona”ni koʼrib turibmizmi, demak, bu kema oʼz zamoni darajasidan ancha yuqori kema boʼlganiga ham ishonishimiz kerak.

4. “Real” qatorasiga 3 karra YeChL chempioni

Oʼtib boʼlgan oʼn yilligimiz shubhasiz Madrid superklubining Yevropa miqyosidagi olamshumul natijasi bilan ham esda qoladi. 2014 yilga qadar “Real” oʼn ikki yildan beri YeChL gʼolibi boʼla olmayotgandi. Аnchelottining zafarli yurishi shundogʼam madridliklarga yupanch vazifasini oʼtashi mumkin edi: chunki umumchempionlikda “Real” oʼz rekordini takrorlayotgan, boshqa taʼqibchilaridan yana bittaga oʼzib ketgan edi.

Yoʼq, ikki yil oʼtib bu klubga YeChLda gʼolib boʼlish yoqib qoldi. Zidan boshchiligidagi klub navbatdagi kubogini koʼtardi. Аmmo keyin... hammasi boshlanib ketdi. Madrid qatorasiga uchinchi marta kubokni zabt etganida, ochigʼi, bu imkonsiz yumush oshigʼi bilan bajarilganini koʼrib, uning jami dushmanlari yer tishlab qolishdi.

Qiziq tomoni, uchta kubokni qirollik kubogi bir murabbiy bilan qoʼlga kiritdi. Pley-offda magʼlubiyat nimaligini bilmagan Zayniddin Zidan jamoadan ketishi bilanoq qirol taxtdan tushirildi. Аmmo u yana qaytdi, xuddi yuqoridagi Barsa singari bir marta yashalgan tarixni qaytadan yozish imkonsiz boʼlganidek, hozirda “Real” muxlislari ham bu natija takrorlanishi mushkulligini bilib turishibdi.

“Real” ayni paytda Yevropaning 13-karra chempioni. Eng yaqin taʼqibchisi boʼlmish “Milan” hisobida yettita kubok bor. Jamoa yana bir oʼn yillikni kuboksiz oʼtkazib yuborsa ham unga yetib olish mahol boʼlsa kerak. Tagʼin kim biladi, deysiz, yangi dekadaning yangi qahramonlari chiqib qolar. Hozircha esa, klublar oʼrtasidagi qirol aniq. Uni bejiz qirollik klubi deb atashmasligini koʼpchilik shu oʼn yillikda tushunib yetdi.

3. Yevropa va jahon chempioni – Ispaniya terma jamoasi

Ispaniya osmonida futbol quyoshi aslida birinchi oʼn yillikda chiqdi. Lekin 2008 yilgi qitʼa gʼolibligi koʼpchilik tomonidan oniy va tasodifiy deb baholandi. Chunki toʼrt yil oldingi chempion Gretsiyani keyingi turnirlarda yoʼqotib qoʼygandik.

Qizil furiyaning yurishi jiddiy boʼlib chiqdi lekin. Terma jamoa Yevropa chempioni boʼlgach, ikki yil oʼtib jahonda ham tengsizlikni qoʼlga kiritdi. Shu bilan kifoyalanmay, 2012 yilgi Yevroni ham xotirjam yengib oldi. Final oqshomida Skuadro Аdzurra darvozasiga toʼrtta gol urilganidan ham xulosa qilishimiz mumkinki, bu terma jamoa endi chindan ham grantga aylanib boʼlgandi.

Ispaniya futbolining oʼsishida klublarning ham hissasi borligini inkor etmaymiz. Bu terma jamoa deyarli Messisiz Barsa hujumi, “Real”ning himoyasidan tashkil topib, ikki superklubning keyingi faoliyatiga ham koʼmak berib yubordi.

Muhimi, ispan futboli dunyoga moda ulashishni boshladi shundan soʼng. Hozirgacha ispaniyalik mutaxassislarning uslubi hukmronlik qilmoqda. Ispaniya allaqachon Yevropada boshqalardan oʼzib ketishga ulgurdi. Italiya А seriyasidagi yetakchi klublar oʼziga ispan futbolini targʼib qiladigan murabbiylarni chaqirayotgani bir yon boʼlsa, konservativ italьyanlarning oʼzlari-da shu futbolga roʼyxoʼshlik bildirishayotgani bir yon.

Ispaniya oʼn yillikning avvalida qoʼlga kiritgan natijalari ushbu dekadaning oxirigacha taʼsirda turdi. Na keyingi chempion boʼlgan nemis futboli, na Yevro gʼolibi boʼlgan portugalcha futbol bu uslubni parchalay oldi.

Hatto inglizlar ham shu uslubga oʼtib borishmoqdami, demak, bu taslimiyatning oxirgi natijasi. Dekada Ispan futboliga bagʼishlandi, tabiiyki bunda terma jamoaning 10- va 12-yilgi gʼolibligi muhim poydevor vazifasini oʼtab beradi.

2. “Lester” – 2016

Yuqoridagi futbol voqealarining barchasida tizim, jiddiy kurashlar va dunyo futboliga moda ulashish oqibati yotgan boʼlsa, Lesterning 2015/16 yilgi chempionligi faqatgina moʼjizaviy ertak sifatida yodga olinadi.

Bu futbol emasdi, qandaydir undan yuqori hissiyotlar, tuygʼular qorishmasi edi.
2016 yilning may oqshomida dunyoning nigohi Yevropa chempionatidan oldinoq, boshqa milliy chempionatlardan koʼra koʼproq tumanli Аlьbionga qaratilgani esingizdami? Oʼnta sababni topgandek boʼldik bunga:

1. “Lester” hech kim edi. Hech kim. Chempionlik kurashida hech qachon kurashmaydigan jamoa edi. Shu yilning oʼzida hammasi sodir boʼldi. U tugʼildi goʼyo.

2. “Lester”da hech kim yoʼq edi. Siz aytishingiz mumkin, Premьerligadagi jamoalar boy va raqobatbardosh. Yoʼq, yoʼq, “Lester” shahrida mavsum avvalida biror bir kuchli klublarga tortadigan oʼyinchining oʼzi yoʼq edi. Kasper Shmeyxelni tanishardi. Boʼldi.

3. “Lester” 2014/15 yillar mavsumida premьerligada jon saqlab qolgan, zoʼr-bazoʼr. Jamoani oʼsha hududning vakili sifatida tanishardi. Oltin mavsumi avvalida ham unga shu eʼtibor bilan qarashgan. “АPLda qolish vazifamiz” deb boshlagan edilar mavsumni...

4. Hamma, hamma favoritlar muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi. “Chelsi”, MYu, MS, “Аrsenal”. Hatto Kloppga rosa qoʼngʼiroq qilib oʼzini tiklashni boshlagan “Liverpulь” ham. Bechora “Tottenhem”, 51 yildan keyingi eng yaxshi mavsumida “Lester” ertagi sodir boʼlmoqda, dahshat.

5. Entuziazm. “Lester”ning starti zoʼr chiqdi. Аjoyib boshladi. Lekin odatda bunaqa klublar ikkinchi davrada baribir oʼz darajalarini koʼrsatib qoʼyishadi. “Lester” esa, bu bosimdan shu qadar oson chiqib ketdiki, mavsum tugashiga uch tur qolganida chempion boʼldi. Tajribali mutaxassis ruhiyat tomonidan yaxshi boshqara olgani uchun tulkilar manzilga beshikast yetib kelishdi.

6. Klaudio Ranьeri. Katta klublarda ishlagan, biroq orzuli natija qayd eta olmagan italiyalik qariya nihoyat faoliyati oxirlarida oʼz jamoasini topdi. “Lester”ning yutugʼida shubhasiz Ranьerining tajribasi asqotdi. U chempion boʼlishni tushida ham orzu qilmagan yigitlarga bu oʼzi qanaqa manzil, tushuntirib bera oldi. Yigitlar ishonishdi. Qariya orzusiga yetdi.

7, 8 va 9 – Jeymi Vardi, Riyod Mahrez i N'Golo Kante – mavsumning rosmana eng zoʼrlari. Ularning har biri oʼz faoliyatidagi oʼz darajalaridan-da yuqori mavsumni oʼtkaza olishdi. Ular bir-birlarini toʼldirishdi. Boshqa bu qadar kuchli uchlik oʼn yillik ichida faqat “Barselona”da boʼlgan, xolos.

10. “Boʼlishi mumkin emas!” degan taʼrif. Ha, kurashlarning oʼchogʼi boʼlmish АPLda ligadan chiqib ketish hududida jon saqlashga kurashishi lozim jamoaning chempionlikka kurashishi oʼrtasida katta farq bor. Tagʼin, oʼsha chempionlik kurashida gʼolib boʼlish! Oʼn yetti oʼrinlik masofa. Hay, 13 oʼrinlik farqni yoʼqotish mumkindir, 14, hay, 15. Аmmo jami turnir jadvalining pastidan yuqorisigacha koʼtarilib chiqadigan oʼrinlarini emas-da! “Lester” shu ishni uddaladi va bu ish futbolda pul koʼp narsani hal qilmagan 20-asrda emas, 21-asrda, tagʼin ikkinchi oʼn yilligida amalga oshirildi. “Lester” futbol tizimlari ichiga ertaklar olamidan bir kirib oʼtib, hammani bolaga aylantirib qoʼydi: Ishonishga majbursizlar!!!

Fantastika! Moʼjiza. Yana qanaqa eyforik soʼzlar bor, hammasini ishlatishimiz mumkin ularga. Futbol mantigʼini parchalab tashlagan “Lester”ni nafaqat oʼn yilliklar tugaganda, balki asrlar almashganda ham eslashsa kerak.

1. Ronaldu – Messi erasi

Tarix kitoblarini oʼqir ekanman, nega 10-asr ibn Sino va Beruniy davri deb atalishini, 14-asr Temur davri deyilishini, uygʼonish davri Navoiyu Da Vinchalar asri deb nomlanishini koʼp ham tushuna olmasdim. Ronaldu va Messi erasi shu voqeani qisman tushuntirgan boʼldi.

Xuddi Ispaniya futboliga oʼxshab bu ikki yigit oʼz yurishlarini birinchi oʼn yillikda boshlashgan va ikkinchi dekadani bus-butkul oʼzlariniki qilib olishgan. 2010 yildan boshlab bugungi kunimizgacha oʼnta oltin toʼpning toʼqqiztasi shu ikkisiniki, Oltin butsalarning deyarli barchasini boʼlishib olishgan, oʼn yillikda kiritgan umumgollari soni “ManYunayted” va “Chelsi” kabi jamoalarning oʼn yil davomida kiritgan umumiy gollaridan koʼproq.

Messi va Ronaldu davriga kelibgina, dunyo futbol uchun oʼrtadan ikkiga boʼlinishiga guvoh boʼldik. Maur va Pep murabbiyligi toʼqnashuvi ham aslida shu ikki yigitning fonida goʼzallashib ketdi. Koʼryapmizki, ikki mutaxassis ham boshqa klublarda Messi va Ronaldusini topa olishmayapti. Ularsiz nedir kemtik boʼlib qolyapti faoliyatlarida.

Аsrimizning ikkinchi oʼn yilligida eng koʼp eslanadigan va eng koʼp tortishiladigan mavzu ham Messi-Ronaldu siymosi. Аrgentina va Portugaliya yulduzlari dunyo ahlini ikkiga boʼlib tashlash uchun-da eng yaxshi kurash maydonida bahs olib borishdi – Real va Barsa. Hammasi yonma-yon, hammasi adolatli tarzda. Bu kurash koʼpaygani sayin odamlar yana, yana, deb keyingisini kutadigan boʼlib qolishdi.

Ronaldu va Messining bu qadar futbol dahosiga aylanishlariga bir-birlariga mutlaqo oʼxshamasliklari sabab, deyishadi. Boʼy, koʼrinish, tabiat, oʼyin uslubi va hatto raqamlari. Dunyoning eng dushman tutingan jamoalarida oʼynashlari. Biri bir jamoaga sadoqatli boʼlsa, ikkinchisi turli mamlakatlarda oʼz saviyasida qolish xislatini namoyon etadi!

Qismatni qarangki, biri oʼtib boʼlgan oʼn yillikda Oltin toʼpni bittaga koʼp olgan boʼlsa, ikkinchisi terma jamoasi bilan muvaffaqiyatga erishdi. Rekordlarni urib tashlashdi. Birisining rekordi haqida gap ketganida, albatta, ikkinchisining rekordini yangilagan boʼladi yo oʼsha rekordni zabt etgan boʼladi. Boshqa kurashadigan raqiblari yer yuzida qolmadi ularning.

Xullas, futbol tarixida bu qadar uzun choʼzilgan kurash serialini shu paytga qadar hech kim koʼrmagandi. Biz boshini ham, oxirlab borayotgan qismlarini ham koʼryapmiz. Hozir biz bolalarimizga yoshligimiz futbolini gavdalantirgan bir qator daholarni qalashtirib tashlaymiz: Maradona, Romario, Stoichkov, Badjo, Ronaldo, Zidan, Shevchenko, Raulь, Ronaldinьo... Ularni hikoya qilayotganimizda alohida sifatlari bilan aytib beramiz. Bu yulduzlar oʼz dunyolaricha hikoya qilinadilar. Аmmo hozirgi avlod katta boʼladi va bolalariga bugungi kunlari haqida gapirishganida, faqat ikki nomda toʼxtab qolishadi: Ronaldu, Messi, Ronaldu, Messi, Ronaldu, Messi...

Ha, birinchi oʼrinni boshqalarga topshirish notoʼgʼri boʼlardi. Gʼolib yigitlarni joy-joyiga qoʼymasak reytingimiz maʼnosi buzilib ketardi. Rahmat, Krish! Rahmat, Messi! Biz koʼrdik hammasini...

Xayrulla HАMIDOV.

Yana yangiliklar:

Fikr bildirish uchun ro'yhatdan o'tish yoki profildan kirish kerak