"Barca" ning muammolari nimada?

Kataloniya superklubi jamoani ikki yarim mavsum boshqargan Ernesto Valverdeni iste'foga chiqardi. Bunga sabab, birinchidan, jamoaning ECHL dagi muvaffaqiyatsiz natijalari bo'lsa, ikkinchidan, "tiki-taka" deb nomlanmish jamoaning asl madaniyati yo'qolib borayotganligi edi.

Bosh murabbiy lavozimiga bir nechta taniqli nomzodlar ilgari surildi. Ammo yakunda unchalik mashhur bo'lmagan, "katta" klublarni boshqarmagan, lekin uslubi aynan "tiki-taka" bo'lgan Kike Setien bu lavozimni egalladi.

"Granada" ga qarshi ilk o'yinda jamoa asl uslubida o'ynadi: 1000 dan oshiq uzatma va 82% to'p nazorati.

Kubokda "Ibitsa" jamoasiga qarshi mehmondagi o'yinda qiyinchilik bilan g'alabaga erishildi.

Navbatdagi o'yin "Valensiya" ga qarshi mehmonda bo'lib o'tdi. "Barcelona" mag'lubiyatga uchradi...

Birinchi ikki uchrashuvdan keyin hamma Kike Setienni alqay boshladi. To'p nazoratida mutloq ustonlik, "tiki-taka" va ikki g'alaba: maqtashga arzigulik natija va o'zgarishlar.

O'zgarishlar... Bu jarayon tezda sodir bo'lib qolmaydi. Buni jamoa uchinchi o'yinda ko'rsatib qo'ydi. "Barcelona" mag'lub bo'ldi.

Yana xatolar, himoyadagi tartibsizlik, hujumlardagi palapartishlik, maydon markazidagi kulguli harakatlar, jasorat yetishmasligi va hokazo. Bularning bari aynan shu oxirgi o'yinda keragidan ortiq sodir bo'ldi. OAV yana murabbiy mavzusini ko'tara boshladi. Hatto ayrim taniqli ekspertlar "SetienOut" nomli heshteg bilan postlar qoldirishdi.

Haqiqatda ham Setien aybdormi? Yoki boshqacha savol: Valverde aybdor edimi? Undan avvalgi murabbiylarchi?

Nazarimda muammoning tag zamiri tarkib masalasiga borib taqaladi.

Keling, bir boshdan boshlaymiz:

Markaz.

Jamoa afsonasi Puyol faoliyatini yakunlagach, himoya markazida katta bo'shliq yuzaga keldi. Bu bo'shliqni to'ldirish uchun ketma-ket transferlar qilinar ekan, boshqa bir afsona Pikening yoshi ulg'ayib bordi va hozirga kelib formasini yo'qotgan markaziy himoyachi deyarli har o'yinda ko'plar xatolarga yo'l qo'ymoqda.

Qanotlar.

O'ng qanot qiroli Dani Alvesh jamoani tark etganda ko'pchilik "Barcelona" bu bo'shliqni endi to'ldira olmaydi, degan edi. Bu taxminlar "o'zini oqladi". Hali hamon bu qanotda muammolar bitmagan. Semedu ishonchni oqlamadi, Robertoga esa universal ekankiligi pand bermoqda.

Chap qanotdagi Albaning yoshi o'tib bormoqda. Endi u Yevro - 2012 dagi yosh va navqiron Alba emas. Unga o'rinbosar sifatida kelgan futbolchilarning birortasi ham ishonchni oqlamadi, Firpo ham.

Yarim himoya.

Xavi faoliyatini yakunlagach, "tiki-taka" ning yarmi ketgan men uchun. Qolgan yarmi Iniesta va Buskets edi, Iniesta ham ketdi. Demak uchdan biri qoldi. Yarim himoyada yana bu kabi gigant uchlik jamlanishiga yoki ancha bor, yoki hech qachon bunday bo'lmaydi. Ha, De Yong va Artur yaxshi futbolchilar. Lekin, Xavi va Iniesta kabilarning o'rnini bosish uchun yaxshi bo'lish kifoya emas. Zo'r bo'lish kerak!

Darvoqe, Buskets haqida. Jamoaning "miyasi" ham asta-sekin formasini yo'qotib bormoqda. Agar bu nuqtaga jiddiyroq transfer amalga oshirilmasa, inqiroz hali uzoq davom etadi...

Hujum.

Albatta bu pozitsiya haqida gap ketganda avvalo jamoaning yetakchisi Messiga to'xtalib, keyin boshqa gaplar aytiladi. U qirol. U futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri (balki, eng yaxshisi ham). Ammo umr shunday jarayonki, unga hech kim hukmini o'tkaza olmaydi. Messi ham! Ha, u zo'r o'ynayapti. Yevropada shu yoshida bo'la turib ham, "eng yaxshi" maqomi hamon uniki. Balki yana ikki-uch mavsum shunday bo'lar. Ammo keyinchi..?

"Barcelona" uning o'rnini bosadigan futbolchini faqatgina La Masiyadan topishi mumkin. Faqat bir muammo bor: asosiy jamoaga qo'shilib, akademiya ham inqiroz ko'chasiga kirib qolgan.

Umuman olganda, agar Neymar jamoada saqlab qolinganida hammasi boshqacha bo'lishi mumkin edi. Aynan uning PSG ga transferi hozirgi inqirozning eng katta sabablaridan biridir. Undan keyin jamoaga Dembele, Koutinyo, Grizmann kabi yulduzlar keldi. Biroq...

Markaziy hujumdagi Luis Suares klub uchun hamma ishni qildi. Boshqacha aytganda, o'ziga sarflangan pullarning hammasini oqlab bo'ldi. Ammo uning ham Messi kabi yoshi ulg'aydi. Endi u uch-to'rt himoyachini aldab gol ura oladigan Suares emas. Jarohatlar uni tez-tez bezovta qiladigan bo'ldi. Ayniqsa, oxirgi olgan jarohati klub uchun juda qimmatga tushdi.

Yechim.

Yechim - kuchliroq murabbiy jalb etish emas. Balki, yechim -  jamoani qayta qurishdir. Aslida bu zarurat Xavi, Dani Alvesh, Neymar, Iniesta kabi futbolchilar jamoadan ketganida yuzaga kelib bo'lgan. Faqat "Barca" ularning o'rniga futbolchi sotib olishda ko'plab xatolarga yo'l qo'ydi. Biz bu xatolar haqida gaplashib o'tirmaymiz. Shundoq ham hammaga kundek ravshan. Lekin yangi transferlar uchun nomzodlar haqida gap ketganda, pozitsiyalar bo'yicha o'z fikrimizni bildiramiz:

Darvoza: Ter Shtegenga yaxshi o'rinbosar kerak. Kerak bo'lganda asosiy darvozabonga dam berish uchun. Nomzod:  Ugo Lyoris.

Himoya: Pikega faoliyatini yakunlagach emas, aynan hozir o'rinbosar topilishi va u top himoyachi bo'lishi zarur. Nomzod: Romanyoli.

Qanotlarga ham yulduz futbolchilar olish zarur. Aks holda, klubning 7 yoki 8 gol farqi bilan yutadigan o'yinlarini uzoq muddat kutamiz. Nomzodlar: o'ng qanotga Ektor Bellerin, chap qanotga Nikolas Talyafiko.

Tayanch: to'g'ridan-to'g'ri nomzodlarga o'tamiz: N'golo Kante, Pol Pogba.

Yarim himoya: ijodkor, tezkor, gollar urib turadigan yarim himoyachi olish kerak. Nomzodlar: Nabi Keyta, Saul Nigez.

O'ng va chap qanot hujumchilar: Dembele va Grizmann hali o'zlarini ko'rsatishganicha yo'q. Hatto Dembelega buning uchun ikki yarim mavsum ham yetmadi. Jismoniy tayyorgarligi yaxshi emasligi uchun ko'p jarohatlar oldi. Grizmannga kelsak, balki o'z pozitsiyasida emasligi unga xalaqit berayotgandir. Ko'ramiz va kuzatamiz. Nomzodlar esa quyidagilar: Neymar, Mbappe va Mane.

Markaziy hujumchi: aytganimizdek, bu amplua eng xavotirli hisoblanmoqda. Ayniqsa, Suares maydonga tushmagan o'yinlarda bu xavotir ikki hissa ortyapti. Hozirdanoq unga munosib o'rinbosar topish kerak. Nomzodlar: Keyn, Verner, Reshford, Jesuz.

Eng asosiy nuqta: bu shubhasiz Leo Messining nuqtasi. Uning o'rnini to'ldirishga loyiq bitta futbolchi bor: Neymar Junior. Kelayotgan yozda uning transferi amalga oshmasa, Messiga o'rinbosar topish yana bir necha yilga cho'zilib ketadi. Sababi, Neymar yana bir mavsum Fransiyada to'p sursa, yoshi 30 ga yetadi va bunday holatda uni transfer qilish ko'p ham foyda keltirmasligi mumkin.

Yana bir nomzod bor... Ammo u futbolchi haqida keyinroq gaplashamiz. Yaxshisi, unga xalaqit qilmaylik, Messi darajasiga chiqqunicha hech bo'lmasa...

Xulosa.

Pep Gvardiola 2008-yil yozida"Barcelona" bosh murabbiyi bo'lganida, mavsum boshlanguniga qadar 8 ta transfer amalga oshirgan va bularning deyarli hammasi o'zini oqlagan edi. Qolaversa, akademiyadan ham 5 nafar futbolchini jalb etib, ularni yulduz darajasiga ko'targan edi.

Aytmoqchimizki, jamoaning qonini yangilash kerak. Zamonaviy futbolning hozirgi talabi supertransferlar qilishga undamoqda. Jamoalar o'z tarkibini iloji boricha kuchaytirishga harakat qilishmoqda. Natija ham uzoq kuttirib qo'ymayapti, albatta.

Tohirov Saydullo

Yana yangiliklar:

Fikr bildirish uchun ro'yhatdan o'tish yoki profildan kirish kerak
2020-02-25 19:55:13
Ha albatta, hamma ham qarib qoldi,axir o'zimiz ham 25-27 yoshlardan keyin yugurgimiz kelmay qoladi.Lekin ularga tan berish kerak.Agar bir-ikki mavsumda jamoaning qonini yangilamasa,yomon qonlar yaxshi qonlar bilan qo'shilib yomon axvolga tushadi,Messi ham o'rinbosar topish kerak, u ham charchab qoldi,lekin unga o'rinbosar topilmasa kerak.....
2020-02-12 20:21:35
Sal vaqt kerak hozr Barcaga. Faqat kerakli transferlarni qilish kerak. Shundog'am ko'p keraksiz transferlar bo'ldi. Hozr Barcaning asosiy vazifasi YECHL va NEYMAR JR...
#1 pike03
2020-01-29 20:14:38
Ha Afcucki To'g'ri... Mening Yulduzim Bo'lgan pikeni Ham Yowi O'tyabdi. O'rniga Kulibalini Olib Keliw Kerak.