Уйда қолинг! / Оставайтесь дома! Uyda qoling! / Stay home! Уйда қолинг! / Оставайтесь дома! Uyda qoling! / Stay home!
Muhlis fikri: "Messi mukammal bo'lishga yaqin"

Maqola sarlavhasini o'qigan "Barselon" ishqibozlari biroz hayron bo'lishlari mumkin. Axir ularning
nazdida Messidan ko'ra yetuk futbolchi yo'q (ba'zilarga ko'ra, avval ham bo'lmagan). Chindan ham
u mukammal futbolchimi..?


Jahon futbolida o'yinchilarning salohiyatini har tomonlama o'rganib, ularning naqadar kuchga ega
ekanligini aniqlash bilan shug'ullanadigan bir nechta tashkilotlar bor. Ular futbolchiga bir necha
kriteriya bo'yicha baho berib, o'zlarining yakuniy xulosalarini berishadi. Ana shu kriteriyalar ichida
futbolchining tezligi, o'yinni ko'ra olishi, sheriklariga qulay imkoniyatlar yaratishi, to'psiz o'ynash,
bosh va ikki oyoq bilan qay darajada harakatlanishi, jamoasi g'alabalaridagi uning koeffitsienti va
albatta barqarorligi kabi mezonlar bor.


Yuqoridagi tashkilotlardan biri 1966-yil Angilyadagi Jahon chempionati vaqtida tashkil etilgan
Castrol Index sistemasi hisoblanadi. Bu kompaniya avval aytib o'tganimizdek, futbolchilarning
umumiy salohiyatini baholab boradi.


Lionel Messi Castrol Index reytingining bir necha yillik yetakchisi hisoblanadi.
Shuningdek, Whoscored.com sayti ham ana shunday faoliyat bilan shug'ullanadi. Saytning
2020-yilgi statistikasiga ko'ra, Messi dunyodagi eng kuchli futbolchi bo'lib turibdi. Quyidagi
kategoriyalarda u eng yuqori ko'rsatkichlarni ("Very strong" degan baholash tizimida) qayd etgan:

- Uzatmalar;
- Aniq uzatmalar;
- Hal qiluvchi paslar;
- Dribling;
- Hujumlarni yakunlash;
- Uzoqdan zarbalar;
- Jarima zarbalari;
- To'pni saqlab turish.

Yoqoridagi ma'lumotlar Messini dunyoning eng yaxshi futbolchisi ekanligini ifodalaydi. Bunga
hech qanday shubha yo'q. Ha, u eng zo'ri. Lekin u mukammalmi?

Yo'q, Messi mukammal emas. O'zi umuman dunyoda mukammal futbolchi bo'lmagan. O'sha daho
Maradona ham kamchiliklarga ega bo'lgan (rivoyatlarga ko'ra, albatta).
Ammo Messi ayni paytga kelib mukammallikka eng yaqin futbolchi hisoblanadi.
Fikrimni asoslashga harakat qilaman. Albatta, aniq ma'lumotlar asosida.

Transfermarkt.de saytining ma'lumotlariga ko'ra, Messi:
- 2007/08-yilgi mavsumda 16 gol, 18 assist;
- 2008/09-yilgi mavsumda (umumiy hisobda) 38 gol, 18 assist;
- 2009/10-yilgi mavsumda 47 gol, 13 assist;
- 2010/11-yilgi mavsumda 53 gol, 24 assist;
- 2011/12-yilgi mavsumda 73 gol, 31 assist;
-2012/2013-yilgi mavsumda 60 gol, 15 assist;
- 2013/14-yilgi mavsumda 41 gol, 14 assist;
- 2014/15-yilgi mavsumda 58 gol, 28 assist;
- 2015/16 yilgi mavsumda 41 gol, 24 assist,
- 2016/17-yilgi mavsumda 54 gol, 16 assist;
- 2017/18-yilgi mavsumda 45 gol, 18 assist;
- 2018/19-yilgi mavsumda 51 gol, 21 assist;
- 2019/20-yilgi (joriy) mavsumda 25 gol, 18 assist amalga oshirgan.

Aslida bu statistik ma'lumotlarni ko'pchilik biladi. Ammo bu o'rinda keltirib o'tganimning sababini
ziyrak o'quvchilar tushungan bo'lishsa kerak. Ha, Messining assistlari haqida aytmoqchiman!
Aslida u haqiqiy gol mashina. La liga tarixidagi eng yaxshi to'purar, "Barselona" tarixidagi eng
yaxshi to'purar, bir kalendar yilida ko'p gol urish bo'yicha rekordchi (91 ta gol, 2012-yil), bir
mavsumda ko'p gol urish bo'yicha rekordchi (73 ta gol, 2011/12-yilgi mavsum)...
Yuqoridagi rekordlar u faqat golga o'ynaydigan o'yinchi, degan xulosani bermasligi uchun keling,
uning assistlari haqida ham qisqacha gaplashamiz.
U La liga tarixida eng yaxshi assistent hisoblanadi - 185 ta assist, "Barselona" tarixidagi eng
yaxshi assistent - 267 ta assist. 2007-yilgi mavsumdan boshlab har mavsum (2 mavsum bundan
mustasno: 2009, 2013) kamida 15 ta assist amalga oshirgan dunyodagi yagona futbolchi. Hatto
eng ko'p gol urgan mavsumida (2011, 73 ta gol) eng ko'p assistni ham qayd etgan - 31 (!) ta.
Messining assistlar borasidagi faoliyatiga mana man degan yarim himoyachilar ham havas
ko'zi bilan qarashadi. Sababi, Messi ham gol urish, ham golli uzatma berishni bir vaqtning o'zida
amalga oshiradi. Bu esa hamma qila oladigan yumush emas.

Messi mukammallikka yaqin, deganimning boisi ham shunda. U - ta'bir joiz bo'lsa - jamoani
yelkasida ko'tarib yuradi. Bugungi o'yinda ham (maqola 13.06.2020 da, "Malyorka" - "Barselona"
o'yinidan keyin yozildi) Messi 2 uzatma amalga oshirdi. O'yinning deyarli har bir qismida e'tibor
markazida bo'ldi. Oxirida gol ham urdi.

Ba'zi insonlar Messi Xavi, Iniesta, Alvesh kabi o'yinchilar bilangina kuchli bo'lgan deyishadi. Messi
ular bilan yana ham kuchli bo'lgan, to'g'ri. Ammo bu Messi ulardan keyin kuchsizlanib qoldi,
degani emas. U yildan-yilga rivojlanib bordi. Hamda hozirda taqqosi yo'q futbolchiga aylandi.
Yana bir fikr. Avvallari ko'p gol uradigan futbolchini eng zo'ri deyilardi (hozir ham ayrimlar shunday
o'ylaydi, mayli, bu hozirgi mavzuga aloqador emas). Hozir esa zamonaviy futbolning talablari
yil sayin oshib boryapti. Bitta futbolchiga bir nechta funksiyalar yuklanyapti. Misol uchun APL
da golurar hujumchilardan ko'ra, assistentlarni ko'proq ardoqlashadi. Aytaylik, Angliyadagi bir
muxlisdan Vardimi, De Bruynemi, deb so'rasangiz, belgiyalik, degan javobni olasiz. Boshqa
ligalarda ham shu holat. Bundesligadagi Jeydon Sancho ko'p gol urayotgani uchungina emas,
uzatmalari uchun qadrlanmoqda (darvoqe, Transfermarkt.de da uning narxi 117 mln yevro).

Hatto Mbappe ham Neymar bilan faqat gol urib raqobatlashib bo'lmasligini tushungach,
uzatmalari sonini keskin ko'paytirdi (ma'lumot uchun, Kilian bu mavsum 29 ta gol urib, 17 ta
assist qayd etgan).
Xulosa qilib aytganda, Lionel Messi har ikki yo'nalishda birdek barqaror ekan, mukammallik
tomon eng yaqin futbolchi deb aynan uni aytishimiz mumkin, xolos. Kelajakda kimdir undan
natija borasida o'tib ketar. Ammo hozir biz argentinalik yulduzning o'yinidan zavq olishda davom
etamiz. Kim biladi deysiz, shu tempda o'ynashda davom etsa, golli uzatmalarining gollariga
nisbatan qiymati oshib ketar..? Bundan nafaqat Messi yoki "Barselona" (yoki Argentina), balki biz
- futbol muxlislari ham yutamiz. Zero kechagina sobiq yulduz Samuel Eto'o aytganidek "Messi 70
yoshigacha futbol o'ynashi lozim. Chunki biz uning o'yinidan ko'proq zavq olishimiz kerak!".

Saydullo Tohirov.
2020-yil.

Yana yangiliklar:

Fikr bildirish uchun ro'yhatdan o'tish yoki profildan kirish kerak