Messi «Oltin to‘p»ni olishda unga nima to‘sqinlik qilishi mumkin?

«Oltin to‘p»ni topshirish marosimiga oz qolmoqda. Ertaga, 29 noyabr kuni Parijda «France Football» yilning eng yaxshi futbolchisini aniqlaydi. Sovringa nomzod 10ta futbolchi ma’lum qilingan. Lekin ochig‘ini aytganda, ularning hammasi ham yaqqol da’vogar emas. To‘g‘ri, 2021 yilgi mavsumda juda ko‘plab futbolchilar ushbu sovringa loyiq o‘yin ko‘rsatgandek bo‘lishdi. Biroq baribir biz haqiqiy favoritlarni bilamiz. Tribuna.uz avvalroq Robert Levandovskining 2021 yildagi harakatlariga baho bergandi. Endi navbat polshalik futbolchining eng katta va xavfli raqobatchisi Lionel Messiga. Leo uchun ushbu yilda sodir bo‘lgan qaysi voqealar plyus, qaysilari minus vazifasini o‘tadi? Birma-bir ko‘rib chiqamiz. Boshladik...

Plyus: Messi La Liga qiroli

Messi 2020/2021 yilgi mavsumni yaxshi boshlamadi. Lekin «Oltin to‘p» 2021 kalendar yili uchun topshiriladigan sovrin. Mavsum boshidan 31 dekabr sanasiga qadar Leo 7ta gol va bittagina assist amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgandi. 2021 yil esa Messi juda katta tezlik oldi. Mavsum yakuniga qadar argentinalik futbolchi 23ta gol urishga erishdi. 8-marotaba Pichichi sovrinini qo‘lga kiritdi va bu uning ketma-ket 5-marta ushbu sovrinni qo‘lga kiritishi edi. Bo‘ldimi? Yo‘q! Messi markaziy hujumchi emaski, uning harakatlarini gollar bilangina o‘lchasak. U butun boshli raqib maydoni bo‘ylab keng ko‘lamda harakat qiladi. Mavsum yakuniga qadar u La Ligada yana 8ta golli uzatmani amalga oshirdi. 77ta xavfli hujum (La Ligada eng yaxshi) va 22ta o‘ta xavfli vaziyat (La Ligada eng yaxshi) yaratishga erishdi. Bundan tashqari, 33 yoshli Messi 1 yanvardan mavsum yakunigacha 159 marotaba raqiblarini muvaffaqiyatli aldab o‘tdi va bu borada La Ligadagi hech kim unga teng kela olmaydi.

«Barselona» La Ligani yutqazdi. Lekin individual ko‘rsatkichlardan ko‘rib turibmizki, Messi jamoasi g‘alabasi uchun qo‘lidan kelgan ishni qilgan. Qolgani Ronald Kuman va jamoadoshlarining vazifasi edi.

Argentina esa Messining ajoyib o‘yinlari yordamida 1993 yildan buyon ilk marta katta musobaqa g‘olibligiga erishdi.

Minus: Klub miqyosida katta sovrin yo‘q

O‘tgan mavsumni ham La Liga sovrinisiz o‘tkazgan Messi faoliyatida ikkinchi marta ketma-ket ikkita liga chempionligini boy berdi. Birinchi marta u 2007 va 2008-yilgi musobaqalarda ham ketma-ket chempionlikdan chetda qolib ketgandi. Bundan tashqari, Messi yana Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonmadi. Leo qatorasiga 6-mavsum «shalpangquloq»ni qo‘lga kirita olmadi. «PSJ»ga qarshi uchrashuvda Usmon Dembele ko‘plab vaziyatlarni ko‘kka sovurdi. Messining o‘zi ham penaltini golga aylantira olmadi.

Shuningdek, La Liga doirasida «Real»ga qarshi o‘yinlarda ham gol ura olmadi. Balki, Messi «Alfredo di Stefano» stadionida madridliklar darvozasiga yo‘l topa bilganida «ko‘k-anorranglilar» liga tituli uchun kurashga qo‘shilarmidi?

Plyus: U individual jihatdan tengsiz 

Biz Chempionlar Ligasida omadsiz o‘ynadi, deb aytayotgan Messining ushbu turnirdagi individual ko‘rsatkichlariga e’tibor bering:

-      6ta o‘yin

-      5ta gol

-      2ta assist

-      Hujum uchligiga 224ta aniq pas

-      29 marta muvaffaqiyatli aldab o‘tish

-      23ta o‘ta xavfli vaziyat

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Messi boshqa tipdagi futbolchi. U yuqoridagi gollaridan tashqari ham maydonda juda katta ko‘lamli ishni amalga oshiradi. Buni uning sobiq jamoadoshi Jerar Pike ajoyib izohlagandi.

«Menimcha, Messi «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritadi. Ushbu sovrinning parametrlari Leoning o‘yin uslubiga juda mos. U universal futbolchi sifatida maydonda katta ishni bajaradi».

Leoning bu yo‘ldagi katta raqobatchilaridan biri Jorjino ham Messini sovrin yo‘lida favorit, deb biladi.

«Agar «Oltin to‘p» titullarga qarab beriladigan sovrin bo‘lsa, u meniki bo‘lishi kerak. Lekin u yilning eng yaxshi futbolchisiga topshirilishi lozim bo‘lsa, bu — Messi. Jamoaviy sovrinlar va shaxsiy ko‘rsatkichlar inobatga olinsa ham, baribir Messi deyman».

Minus: Parijdagi beqarorlik 

Yilni «Barselona» va Argentinadagi tempida yakunlay olgan taqdirda, Messining «Oltin to‘p»ni olishiga hech kim to‘sqinlik qila olmasdi. U Parijga o‘zi xohlamasdan kelgani tushunarli. Ba’zi o‘yinlarda o‘zini eslagandek ham bo‘lmoqda. Leo professional faoliyatida birinchi marta «Barselona»dan boshqa klub sharafini himoya qilmoqda. Yil so‘nggini muvaffaqiyat bilan tugata olmaslik uni «Oltin to‘p»dan mahrum qilishi mumkin.

Balki shu holatda ham, Messini yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida ko‘rishimiz mumkindir. Lekin odamlar argentinalikdan boshqa futbolchiga ham ushbu sovrinning berilishini xohlaganlari uchun ham boshqa futbolchi unvonga ega chiqib ketishi mumkin. Ayniqsa, 2020 yilgi «Oltin to‘p»ning bekor qilinishi oqibatida muxlislarda Levandovskiga achinish holati shakllanib qolgan. Messining muxlislari 2013 yilgi «Oltin to‘p» ham odamlar zerikkani uchun Ronalduga berib yuborilgan, deb bilishadi. Lekin bu faktorga qarshi Leo qo‘lga kiritgan sovrinlar borasidagi shubhalarni ham keltirish mumkin.

Xulosa

Messi uchun ushbu sovrin u qadar katta ahamiyatga ega emas. U ko‘p yillik orzusiga erishgan bir paytda, hisobida 6ta bo‘lgan tilladan yasalgan to‘pning navbatdagisi qanchalik ahamiyatli bo‘lishi mumkin? O‘z navbatida shunisi ham aniqki, hech bir futbolchi Messi o‘ynagan tipda harakat qila olmaydi. U kabi jamoaga foyda keltira olmaydi. Levandovski qancha ko‘p gol ursa ham, Jorjino APLni yutsa ham Messi bo‘la olmaydi. Leoning o‘yinini hech qachon boshqa futbolchilar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Uning ko‘rsatkichlari faqat o‘tgan yilgi natijalari bilan solishtiriladi. Shunisi aniqki, argentinalik 33 yoshli futbolchi individual jihatdan hech qaysi futbolchidan ortda qolmaydigan mavsum o‘tkazdi.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Yana yangiliklar:

Fikr bildirish uchun ro'yhatdan o'tish yoki profildan kirish kerak