Barcelona stadioni

"Kamp Nou" (kataloncha Camp Nou, ya'ni "yangi maydon")"Barselona" futbol klubining stadioni. 1957-yilda ochilganidan buyon stadion Katalon klubiga tegishli bo'lgan va boshida "Estadi del FC Barcelona" (ya'ni "FC Barselona stadioni") deb nomlangan, keyinchalik unga "Kamp Nou" deb nom berishgan. O'zining hozirgi nomini rasman 2000-yil "Real Madrid"ga qarshi o'yindan so'ng olishgan.

"Kamp Nou" o'z bag'riga 99 354 tomoshabinni sig'dira oladi. Bu nafaqat Ispaniya, balki Yevropada eng katta stadiondir. Stadion dunyoning o'z bag'riga eng ko'p muxlis sig'dira oladigan stadionlar ro'yxatida 12-o'rinni va futbol stadionlari orasida esa Meksikaning "Azteka" stadionidan so'ng 2-o'rinni olgan.

"Kamp Nou" Yevropa va Jahon chempionati musobaqalarining o'yinlari, shuningdek, futbol bo'yicha 1992-yilgi Olimpiya o'yinlari, shu jumladan finaliga ham mezbonlik qilgan. Maydonda birin ketin yirik Yevrokubok turnirlarining finallari bo'lib o'tdi. Bundan tashqari stadion ko'pincha konsert maydonchasi sifatida ishlatildi: bu yerda Maykl Jekson, Xulio Iglesias va shunga o'xshash mashhur insonlar konsert qo'yishgan.

Stadion Fransesk Miro Saens "Barcelona"da prezidentlik qilgan paytda qurilgan edi. U sig'imi kam eski "Camp de Les Corts" stadioni o'rniga bo'lajak "Kamp Nou"ning loyihasini ilgari surdi, aynan shuni deb jamoaning asosiy raqobatchisi — "Real Madrid" "Estadio Chamartin" (hozirgi "Santyago Bernabeu") stadionini qurdi. "Barcelona"ning yangi stadionining loyihasi arxitektor Fransesk Mitjansu (Miro Saensning qarindoshi)ga ishonib topshirildi.

Birinchi tosh 1953-yil mart oyida qo'yildi va dastlabki byudjet 67 million peseta (Peseta — 1869-2002-yillarda Ispaniya milliy vaylyutasi) edi. Biroq, ish paytida tuproqdagi kutilmagan o'zgarishlar tufayli qiyinchiliklar yuzaga keldi, bu esa qurilish muddati va chiqimlarini oshishiga sabab bo'ldi. Chiqimlar 288 milliongacha ko'tarildi. Klub "Les Corts" stadionining obyektini sotish orqali qurilish xarajatlarini qoplashni kutgandi, ammo Barselona shaharchasi o'n yil davomida yerni boshqa bir toifaga o'tkazish bilan kechikdi, bu esa mablag'ning vaqtinchalik yetishmovchiligiga olib keldi.

Stadionning ochilish marosimi 1957-yil 24-sentyabrda bo'ldi. Bu voqea sharafiga esdalik tadbirlar uyushtirildi, ulardan biri "Barselona" va Polshaning "Legion" klubi o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvi bo'ldi. Uchrashuv Katalonlar foydasiga 4:2 hisobi bilan yakunlandi va "Barselona" futbolchisi Eulochio Martines yangi stadion tarixidagi birinchi golga mualliflik qildi. O'shandan buyon "Barselona" sig'imi juda kam bol'gan o'zining sobiq stadionidan ajralib chiqib, "Kamp Nou"da o'ynashni boshladi. Ochilish vaqtiga kelib, "Kamp Nou" dunyodagi eng katta va ulug'vor stadionlardan biri bo'ldi: uning sig'imi 90 000 o'ringa ega edi.

Stadiondagi birinchi rasmiy uchrashuv 1957-yil 6-oktyabr kuni bo'lib o'tdi. 1957/58 mavsumning ikkinchi davrasidan o'rin olgan ushbu uchrashuvda "Barcelona" Haenning "Real" klubi bilan uchrashdi. Muxlislar baxtiga o'yin mezbonlar 6:1 hisobida g'alaba qozondi va gol mualliflari Vilaverde, Texada, Kubala va Euloxio Martines (3) bo'lishdi.

"Kamp Nou" bir necha marotaba qayta tiklandi. Birinchi marta bu 1981-yilda sodir bo'ldi: stadion Ispaniyada bo'lib o'tgan 1982-yilgi FIFA Jahon Chempionatiga mezbonlik qilish uchun kengaytirilgan. "Kamp Nou"ning sig'imi 120 000 gacha yetkazilgan. Ikkinchi qayta tiklash 1998-yilda UEFAning yangi qoidalarini joriy etgani bilan bog'liq bo'lib, barcha joylar o'rindiqlar bilan jihozlangan bo'lishi kerakligi ko'rsatildi. Stadion joyni imkon qadar kamroq yo'qotish uchun maysa darajasini pasaytirish kerak edi. Stadionning sig'imi 98 934 gacha kamaytirildi. Futbol maydoning hajmi 105x68 metr etib belgilandi.

"Kamp Nou" — UEFA 5 yulduz bilan baholagan Yevropaning sanoqli stadionlardan biri hisoblanadi.

Stadionda Kataloniyaning eng ko'p tashrif buyuriladigan "FC Barcelona" muzeyi mavjud, undan tashqari, "Kamp Nou" — o'z "Mini Estadi", "La Masia" hamda "Palau Blaugrana"ning asosiy kompleksi hisoblanadi. "Mini Estadi" — klubning sport maktabi o'quvchilari mashg'ulot o'tkazadigan, o'z bag'riga 20 000 odam sig'dira oladigan stadion; "La Masia" — jamoa akademiyasi o'quvchilari yashaydigan bino; "Palau Blaugrana" — basketbol, gandbol, xokkey hamda mini futbol klublari mashg'ulot o'tkazadigan, sig'imi 8 000 o'rin bo'lgan zal.

Muhim o'yinlar ro'yxati

Yevropa chempionati
"Kamp Nou" va "Santyago Bernabeu" 1964-yilda Yevropa futbol chempionatining so'nggi qismiga mezbonlik qilishdi. "Kamp Nou"da ikkita uchrashuv — yarim final va uchinchi o'rin uchun o'yin bo'ldi.
1964-yil 17-iyun — yarim final: "SSSR 3:0 Daniya". 38 556 tomoshabin
1964-yil 20-iyun — uchinchi o'rin uchun: "Vengriya 3:1 Daniya". 3 859 tomoshabin

FIFA Jahon Chempionati
1982-yil Ispaniyada Jahon Chempionati bo'lib o'tdi. 13-iyun stadionda turnirning ochilish marosimi va chempionatning birinchi o'yini — "Argentina 0:1 Belgiya" uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Umumiy stadionda beshta o'yin o'tkazildi va yettita gol kiritildi. Bu vaqt mobaynida "Kamp Nou"ga taxminan 320 000 tomoshabin tashrif buyurdi, bu degani o'rtacha har bir o'yinga 64 000 tomoshabin bor edi. Stadionda quyidagi uchrashuvlar bo'lib o'tdi:
1982-yil 13-iyun — birinchi tur: "Argentina 0:1 Belgiya". 95 000 tomoshabin
1982-yil 28-iyun — ikkinchi tur: "Polsha 3:0 Belgiya". 65 000 tomoshabin
1982-yil 1-iyul — ikkinchi tur: "Belgiya 0:1 SSSR". 45 000 tomoshabin
1982-yil 4-iyul — ikkinchi tur: "Polsha 0:0 SSSR". 65 000 tomoshabin
1982-yil 8-iyul — yarim final: "Polsha 0:2 Italiya". 50 000 tomoshabin

Olimpiya o'yinlari
Stadionda futbol bo'yicha 1992-yilgi Yozgi Olimpiada o'yinlarining final uchrashuvi bo'lib o'tdi.
1992-yil 8-avgust — final: "Ispaniya 3:2 Polsha"

Yevropa finallari
"Kamp Nou"da Chempionlat ligasining ikkita finali bo'lib o'tdi.
1989-yil 24-may — "Milan 4:0 Styua"
1999-yil 26-may — "Manchester United 2:1 Bayern Munchen"

Kubok sohibi kubogi finali
1972-yil 24-may — "Glazgo Rangers 3:2 Dinamo Moskva"
1982-yil 12-may — "Barselona 2:1 Standart"

UEFA Kubogi (hozirgi UEFA Yevropa Ligasi)
1964-yil 24-iyun — "Real Zaragosa 2:1 Valensiya"

UEFA Superkubogi
1980-yil 5-fevral — javob o'yini: "Barselona 1:1 Nottingem Forest". Ikki uchrashuv natijasiga ko'ra (o'sha vaqtda ikki uchrashuv o'tkazilar edi) "Nottingem" g'olib bo'ldi
1983-yil 19-yanvar — birinchi o'yin: "Barselona 1:0 Aston Villa". Ikki uchrashuv natijasiga ko'ra "Aston Villa" g'olib bo'ldi
1989-yil 23-noyabr — birinchi o'yin: "Barselona 1:1 Milan". Ikki uchrashuv natijasiga ko'ra "Milan" g'olib bo'ldi
1993-yil 10-mart — javob o'yini: "Barselona 2:1 Verder Bremen". Ikki uchrashuv natijasiga ko'ra "Barselona" g'olib bo'ldi
1998-yil 8-yanvar — birinchi o'yin: "Barselona 2:0 Borussia Dortmund". Ikki uchrashuv natijasiga ko'ra "Barselona" g'olib bo'ldi

Ispaniya finallari
1963-yil 23-iyun — Ispaniya Kubogi: "Barselona 3:1 Real Zaragosa"
1970-yil 28-iyun — Ispaniya Kubogi: "Real Madrid 3:0 Valensiya"
2010-yil 19-may — Ispaniya Kubogi: "Atletiko Madrid 0:2 Sevilla"
2015-yil 30-may — Ispaniya Kubogi: "Atletik Bilbao 1:3 Barselona"


Ayni damda stadionni yaxshilash uchun rejalar:
- Stadionning sig'imini 106 000 tagacha oshiriladi
- VIP zonada yana 14 000 dan ziyod joy quriladi
- Barcha tribunani himoya qila oladigan tom o'rnatiladi
- Media zonani ikki baravar kattalashtiriladi
- Fasad mobil polikarbonat va shisha plitalar bilan ta'minlanadi. (Bu "Allianz arena" maydonidagi yorug'likdanda kuchliroq yoritadi)
- Muxlislar uchun eskalator va liftlar quriladi
- Nogironlar uchun qo'shimcha qulayliklar yaratiladi