Xabarlar to‘qib chiqariladimi? Transferlar haqida eng muhim tushunchalar

Iyul oyi futbol musobaqalaridan xoli bo‘lsa-da, aslida, futbol haqida eng ko‘p gaplashiladigan, eng ko‘p yangiliklar kuzatiladigan palla deyish mumkin. Bu oyda futbolchilar ta'tildan qaytib, mashg‘ulotlar boshlanadi, demakki, murabbiylar asosiy transferlarini shu oyda, ya'ni yig‘inlar arafasida amalga oshirib olishga intilishadi. Hozirda yirik transferlarni ham yozning so‘nggi kunlariga qoldirishmayapti.

Tabiiyki, bu pallalarda transferlar haqida xabarlar ko‘payadi, bir birini inkor qiluvchi yangiliklar oddiy muxlisning boshini aylantirishi ham turgan gap. Transferlar haqida Tribuna.uz ilgari ham tahliliy maqola nashr etgandi, bu safar ham yana shu mavzuda, faqat boshqacharoq rakursdan qaralgan mulohazalarni e'tiboringizga havola qilamiz.

Transfer mish-mishlari to‘qib chiqariladimi?

Qisman, ha. Ba'zi xabarlar shunchaki, o‘ylab chiqariladi. Yana ba'zilari ishonchsiz manbalardan olingan. Aytaylik, «A» resurs bu xabarni «B resursga ko‘ra» deb beryaptimi, demak, o‘sha «A» resurs bu xabarni o‘z manbalaridan tasdiqlay olmagan. Agar tasdiqlay olsa, o‘z manbasiga ko‘ra bergan bo‘lardi. Ammo shu bilan birga, o‘sha xabarga ham sal bo‘lsa-da, ishonadi. Shuning uchun «A» sayti bu xabarni beradi, faqat manba sifatida «B» saytini «ro‘para» qiladi.

Ba'zida xabarning manbasi ushbu holat bo‘yicha manfaatdor taraf bo‘ladi. Masalan, biror futbolchining agenti yoki biror klub, kamerani chetga olib turib, biror xabarni shipshitishi mumkin. Bir futbolchiga falon klublar qiziqyapti, deb. Bu ma'lumot haqiqat bo‘lishi ham, g‘irt yolg‘on bo‘lishi ham mumkin. Nega? Shu orqali klub yoki agentlar u yoki bu futbolchiga bo‘lgan qiziqishni oshirishlari mumkin. Tajribali o‘quvchi vaziyatni tahlil qilishi, oldingi xabarlar bilan solishtirib, xulosa qilishi mumkin bo‘ladi.

Yoki shunday holatlar ham bo‘lib turadi - masalan, bir xabar seshanba kuni bu mamlakatda, ertasiga boshqa joyda, payshanba kuni esa, yana bir boshqa mamlakatda paydo bo‘ladi. Bu xabarning aniqligini, ya'ni kundan kunga tasdiqlanib borayotganini anglatmaydi, shunchaki, nashrlar bir xabarni takrorlayotgan bo‘lishadi, xolos. Avvallari, bu holat ko‘proq kuzatilardi, internet rivojlanishi natijasida kamaydi.

Manbalar kim? Ular qayerdan paydo bo‘ladi?

Shuni tushunish kerakki, ma'lum bir transfer doirasida biz o‘ylagandan ham ko‘proq odamlar mavjud bo‘ladi. Ba'zilar butun vaziyatni bilishadi, ba'zilar faqat bir qismini, baribir kimdir nimanidir aytgisi keladi. Futbolchilarning oilasi, do‘stlari, jamoadoshlari bor. Klublardagi direktorlar, skautlar, menejyerlar, yana agentlar yoki «o‘rtakash»lar shular jumlasidandir.

Oddiy misol, bir futbolchining rafiqasi, transfer har qancha yashirin bo‘lmasin, boshqa shaharga ko‘chishlari haqida ertaroq biladi. Shunga o‘xshash ma'lumotlar ham manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Hammasini sir saqlashning iloji yo‘qmi?

Vaziyatga qarab. Aksariyat klublarda matbuot bilan ishlovchi xodimlar bor. Ularning vazifasiga matbuotga chiqib ketadigan xabarlarni nazorat qilish ham kiradi. Ba'zida ular vaziyatni sharhlashni istamaydi, ba'zida yolg‘on axborot ham berishadi, ba'zida esa, yetarlicha ma'lumot beriladi.

Ba'zi hollarda klub muxlislarni xursand qilish uchun ham ataylab, hali pishib yetilmagan transferlar haqida xabar chiqarishi mumkin. Yoki klubning trendda va gazetalarning ilk sahifalarida turishi uchun ham kerak bunday ma'lumotlar. Ba'zida esa, bunday xabarlar muzokaralar jarayonini tezlashtirishi, hatto o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Yorqin misol – Gabriel Batistuta. 2000 yilning yozida «Roma» o‘ziga markaziy hujumchi izlagan va «Fiorentina» vakili Batistuta asosiy nomzod sifatida tilga olingandi. Ammo klub xujayini Franko Sensi 31 yoshli hujumchi uchun 40 million dollar to‘lashni istamagan va transferga rozilik bermagan. Bosh murabbiy Fabio Kapello esa, mahalliy jurnalistlarga Batistuta bilan kelishuvga yaqin qolgani haqida aytib yuboradi. O‘sha kuni Sensining telefoni tinmaydi, barcha uni ajoyib transfer bilan tabriklar, ko‘chada esa, fanatlar uning ismini kuylab, minnatdorchilik bildirishardi. Qahramonga aylanib qolgan Sensida bu transferni amalga oshirishdan boshqa chora qolmagandi. Kelasi mavsumda esa «Roma» Batistuta bilan birga mamlakat chempioniga aylanadi.

Vositachilar kimlar? Nega klublar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqishmaydi?

Oddiy qilib aytganda, klub qilishi mumkin bo‘lmagan ishlarni vositachilar amalga oshirishadi. Masalan, klubining roziligisiz biror futbolchi bilan agentlar orqali aloqaga qilish – qonunda taqiqlangan. Ammo rasmiy taklifdan oldin, klub futbolchi qanchaga tushishi haqida ma'lumotlarga ega bo‘lishi ham kerak. Shunda, vositachilar buni aniqlashlari mumkin va hatto qarshi klubga chiqib, bu futbolchi uchun taxminan qanday narx belgilanishi mumkinligini bilib beradilar ham.

Bu teskari holatdayam ishlaydi. Agar klub bir futbolchini sotmoqchi bo‘lsa, vositachilar orqali, uning fikrini olish mumkin. Ba'zida xuddi shu ishni agent ham amalga oshiradi. Muxlislar ko‘z o‘ngida, go‘yoki, klub bu futbolchini sotmoqchi emas, lekin yaxshigina mablag‘ taklif qilingandek bo‘ladi. Muxlislar sevimli klub aslida futbolchini sotmoqchi bo‘layotganini bilmaydilar ham. Futbolchining o‘ziga ham, uni sotmoqchi ekaningizni aytish qiyin, to‘g‘rimi? Va hammamiz yaxshi bilamizki, agar futbolchi rasman transferga qo‘yilsa, uning narxi tushib ketadi.

(Oddiy misol, Sulsher matbuot anjumanida Pogba va Lukaku haqida fikr bildirdi va klub bu futbolchilarni sotmoqchi emasligini aytdi. Shu bilan birga, hali birorta rasmiy taklif yo‘qligini ham qistirib ketdi. Bundan qanday ma'no chiqadi? Aytish mumkinki, Sulsherning bu gaplari, aslida klubning yashirin pozitsiyasidir. U aslida Pogbaning ketishiga rozi bo‘lgandir, ammo bu haqida ayta olmaydi – matbuotda Sulsher Pogbadan rozi ekanini va klubda qolsa, xursand bo‘lishini aytadi. Bu boshqa klublarga xabar – «Pogbani sotishga majbur emasmiz, u yana shu yerda qolishi mumkin». Ya'ni, agar uni sotib olmoqchi bo‘lsanglar, biz aytgan narxni berishlaringga to‘g‘ri keladi.

Boshqacharoq aytilsa, masalan, Pogba klubning kelajak rejalarida yo‘qligi ma'lum bo‘lib qolsa, boshqa klublar narxni tushirishga urinishlari tabiiy).

Transfer narxi qanday belgilanadi? Bu erkin bozor bo‘lgach, klub to‘lashi mumkin bo‘lgan har qanday miqdor haqida gap borishi mumkin, shundaymi?

Unchalikmas. Aslida «joriy narx» yoki «bozor qiymati» qabilidagi terminlardan ma'no yo‘q. Futbolchining narxiga ta'sir qiluvchi muhim faktorlar bor – yoshi, iqtidori, millati ( u Yevroittifoq pasportiga egami yoki limitga tushib qoladimi?), joriy maoshi va shartnoma muddati.

Bozorning yuqori qismida, bu faktorlar rol o‘ynamay qolishi mumkin. Top yulduzlar juda kam va ba'zida klub aynan ma'lum bir futbolchining jamoaga mos ekaniga ishonadilar. 

Misol uchun, «Real» Eden Azar uchun 110 million dollar va bir qancha bonuslarga kelishdi. Bu degani, «Real» 10 millionlik futbolchilardan o‘n bir nafarini sotib olishga ham qarshi emasligini anglatmaydi. Ya'ni futbolchilarni tovar sifatida ko‘rish va narxlarni tengma teng qo‘yish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Kim uchundir mos kelgan narx, boshqa klub uchun qimmatlik qiladi – chunki u jamoaning murabbiyi, uslubi, muammolari boshqa, butunlay boshqa futbolchi kerak.

Yana bir faktor – tezkorlik. Neymar «Barselona»na tark etganida, klubga tezlik bilan vinger lozim edi. Shu bilan birga, «Barselona»da Neymarning transferidan qolgan juda ko‘p pul bor edi. Natijada Usmon Dembele uchun 120 million to‘lashga to‘g‘ri keldi. U juda yaxshi futbolchi, ammo, aynan o‘sha transfer oynasining boshida, Dembele ikki barobar arzon bo‘lishi ham mumkin edi.

Yana shuningdek, sotib oluvchi klubga ham bog‘liq. 2016 yilda «Renn» markaziy yarim himoyachi Abdulay Dukureni 12 million dollarga «Uotford»ga sotdi. Boshqa kattaroq klub Dukure uchun 20 million berishga tayyor turgandi, lekin futbolchi ular uchun ikkinchi tanlov bo‘lgan. O‘sha klub asosiy nomzodni sotib olishgach, Dukuredan voz kechishdi va «Renn» 12 millionga rozi bo‘ldi. Bunday voqealar ko‘p bo‘ladi. Tushunish mumkinki, agar xaridor boy va top-klub bo‘lsa, kattaroq narx aytiladi. 

Tovon pullari? Klublar nega bunday bandni kiritadi?

Bu yerda farqlab olish kerak, butun dunyoda boshqacha tizim, Ispaniyada esa, boshqa tizim ishlaydi.

Odatda, futbolchining o‘zi shartnomaga tovon puli summasi belgilab qo‘yilishini so‘raydi. Bu band uchun, ya'ni tovon puli kamroq ko‘rsatilishi uchun futbolchi ozroq maoshga ham rozi bo‘ladi. Bu yerda futbolchi o‘ziga ishonadi va qo‘yidagicha reja qilishi mumkin:

«Men hozir kamroq maoshda o‘ynab tursam va o‘zimni ko‘rsatsam, meni sotib olmoqchi bo‘lgan yangi jamoa men uchun katta summa to‘lashga majbur bo‘lmaydi. Natijada, menga yaxshiroq shartnoma taklif qilishadi. 

Ha, bu qaysidir ma'noda, futbolchilarning erkin agent sifatida boshqa jamoaga o‘tishlariga o‘xshaydi. Ma'lumki, erkin agentlarni qo‘lga kiritgan klublar transferdan iqtisod qilayotganliklari uchun yaxshiroq maosh taklif qiladilar.

Ammo so‘nggi paytlarda, bunday «tekin o‘tish»lar tizimi «qimmatlashib» bormoqda. «Yuventus»ga o‘tgan Emre Jan erkin agent bo‘lgani tufayli, yaxshigina pul olganidan tashqari, uning agentiga ham 18 million yevro to‘lashga to‘g‘ri kelgandi. Katta ehtimol bilan Aaron Remzi yoki Adrian Raboning shartnomalarida ham shunga yaqin summalar aks etgan.

Bunday katta komission pullar to‘lanishi sababi bor – agentlar mijozlarini eski klubda shartnomani yangilashdan qaytarib turishadi. Futbol olami shunday manfaatlar ustida yashamoqda. To‘g‘ri, bunday to‘lovlar transfer narxidan past, lekin yildan yilga bu farq kamayib boryapti.

Shartnomaning yangilanishidan kim yutadi? Amortizatsiya nima?

Ko‘pchilik hali ham, klublar futbolchining qiymatini qanday hisobga olishlarini bilmaydi. Futbolchi transfer qilinganda, bu summa uning shartnoma muddatiga sochib yuboriladi – mana shu futbolchining amortizatsiya summasi hisoblanadi.

Masalan, «A» futbolchi 50 million yevroga sotib olinib, 5 million yevro maosh bilan, besh yillik shartnoma imzolasa, klub uchun bu futbolchi yiliga 15 milliondan (10 million amortizatsiya, 5 million maosh) tushayotgan bo‘ladi. Agar boshqa bir «B» futbolchi besh yillik shartnoma tuzib, yiliga 20 milliondan kelishuv bo‘lsachi? Unda «B» futbolchi klubga yiliga 20 milliondan (0 amortizatsiya, 20 million maosh) tushayotgan bo‘ladi. Ya'ni aslida go‘yoki tekinga qo‘lga kiritilgan «B» qimmatroqqa tushmoqda. Futbolchilarning transfer qiymatlarini solishtirishda, bu tomonlarini ham hisobga olish kerak.

Boshqa tarafi ham bor. Aytaylik, yuqorida tilga olingan har ikki futbolchi ham yaxshi o‘ynab keta olmadi va klub ularni sotmoqchi. Agar «A» futbolchini 30 million yevroga sotishsa, klub hech narsa yo‘qotmaydi – chunki shartnoma bo‘yicha 30 million yevro amortizatsiya qolgan bo‘ladi. «B» futbolchi sotilsa, nech pul kirim qilinsa ham, o‘sha summa foydaga bo‘ladi, chunki uning amortizatsiyasi yo‘q. Yana bir narsani e'tiborga olish kerakki, 20 million yevro maoshga ega bo‘lgan futbolchidan qutilish oson bo‘lmaydi. Buncha to‘lashga rozi bo‘ladigan jamoa kam, yana uch yil shuncha maosh olib yurishi mumkin bo‘lgan shartnomaga ega futbolchi esa, maoshi kamaytirilishiga rozi bo‘lmasligi mumkin.

(Esingizda bo‘lsa, Emmanuel Adebayor bilan «Manchester Siti» katta shartnoma imzolagan, keyin esa, uni boshqa klubga sotib yuborgach, maoshining bir qismini to‘lab yurishga ham majbur bo‘lgandi).

Darvoqe, amortizatsiya – klublarning uzoqroq muddatga shartnoma tuzishga undaydigan sabablardan biri. Tasavvur qiling, yuqorida tilga olganimiz, «A» futbolchi bilan klub ikki yil o‘tib, qaytadan besh yillik shartnoma imzolaydi va uning maoshini 6 millionga ko‘taradi. Futbolchi ham xursand, to‘g‘rimi?

Shu bilan birga, klub ham bundan foyda qiladi. Chunki futbolchining qolgan uch yillik shartnomasidagi amortizatsiyasi 30 million qolgan. Endi, keyingi besh yillikda bu futbolchi klubga arzonroq, 15 emas, 12 millionga tushadi – 6 million amortizatsiya, 6 million maosh.

Shu tariqa, futbolchi ham maoshini oshirib oladi, klub ham xarajatini kamaytiradi. Hamma yutuqda.

ESPN materiali asosida Q.Aslanov tayyorladi

Yana yangiliklar:

Fikr bildirish uchun ro'yhatdan o'tish yoki profildan kirish kerak
#2 mabrur
2019-07-12 22:24:48
#1 Jotir
Qaysi mahalladan kep qoldiz
#1 Jotir
2019-07-12 18:43:12
Hammasi yolğon real zõr barca opoy