Ispaniyadagi top transferlar. Kim ishonchni oqlamoqda?

Yozning eng yirik transferlari albatta Ispaniya chempionatiga to‘g‘ri keldi. Xaridlar uchun eng ko‘p pul sarflagan klublar ham shu chempionatning uch grandi - «Real», «Barselona» va «Atletiko» bo‘ldi. Quyida ushbu chempionatdagi asosiy transferlarga baho beriladi.

JOAU FELISH (Benfika – Atletiko) – 126 million yevro

Albatta, Grizmann darajasiga hali bor, lekin bu transfer aynan fransiyalik hujumchi o‘rnini bosish uchun amalga oshirildi. Felish «Benfika»da xuddi shu uslubda harakat qilgan – to‘psiz juda yaxshi harakatlanadi, kreativlik va samaradorlik muvozanati ham joyida.

Shunday bo‘lsa-da, madridliklar biroz ko‘proq to‘lab yuborishdi. Felish yosh, unda faqat bir yil yuqori saviyadagi tajriba bor, xolos. Himoyalanishda kuchli emas, buni Simeonening o‘zi ham ta’kidladi. Boshqa tarafdan, vaziyat oson emasdi, futbolchiga top-xaridorlar ko‘p edi. «Benfika» esa «Atletiko»da yetarlicha pul borligini bilgani uchun maksimum summani qo‘lga kiritishga urindi. Bu vunderkind mavsumoldi yig‘inlarida ham o‘zini ko‘rsatdi, chempionat o‘yinlarida ham barqaror o‘yin ko‘rsatib, uch o‘yinda 1 gol urib, bir golga pas berdi.


KIRAN TRIPPER (Tottenhem – Atletiko) – 22 million yevro

Bir tomondan juda mantiqli va boshqa tomondan kutilmagan transfer. Kutilmagan tarafi, asosan Lotin Amerikasi vakillariga e’tibor qaratib kelgan Simeonening «Atletiko»sida angliyalik futbolchi. O‘yin tomonidan esa, hammasi to‘g‘ri – o‘ng qanot himoyasi muammo edi. O‘tgan mavsumda bu pozitsiyada Aryas va Xuanfran to‘p surishgandi. Tripper himoyalanishda u qadar zo‘r emas, lekin hujumlarga qo‘shilish, to‘p uzatish bobida yuqoridagi nomlardan bir bosh ustun.

Londonliklarning 22 million yevro evaziga ingliz pasportiga ega bo‘lgan asosiy tarkib o‘yinchisini berib yuborishi ham biroz tushunarsiz qaror. Bu yerda ko‘proq Kiranning boshqa jamoada o‘zini sinab ko‘rish istagi rol o‘ynagan bo‘lishi ehtimoli katta. U yangi chempionatda qanotdan golli paslar berishni boshlab yubordi.


ANTUAN GRIZMANN (Atletiko – Barselona) – 120 million yevro 

Bu transfer ko‘proq Neymarning zarariga bo‘ldi – fransiyalik futbolchiga sarflangan pullar yozning so‘nggi kunida «Barselona»ni pulsiz qoldirdi va Neymar Parijda qoldi. Ammo aytish mumkinki, Valverdening vertikal futboli uchun Grizmann mukammal tarzda mos keladi.

Antuan to‘pni o‘zida ko‘p ushlab turmaydi, chiziqlar orasida to‘pni qabul qilish, himoyani yorib o‘tuvchi kombinatsiyalarda juda foydali futbolchi. U «Betis»ga qarshi o‘yinda jamoaga yirik hisobda g‘alaba keltirgan bo‘lsada, «Atletik» va «Osasuna»ga qarshi o‘yinlarda yo‘qolib qoldi. Albatta, u o‘zini «Atletiko»dagi kabi erkin his qilmasligi tayin, ammo biz uni hali haqiqiy «Barselona» bilan, ya’ni Messi tarkibda bo‘lganida ko‘rmadik. 


FRENKI DE YONG (Ayaks – Barselona) – 75 million yevro

De Yong, balki o‘z davrining eng iqtidorli futbolchilaridan biri va anchadan beri «Barselona»da o‘ynashni orzu qilgandi. To‘pni hujumga qadar yetkazib berishda u hozir ham Yevropada tengsiz, uning bu xususiyati esa Messini ko‘p ortga qaytishdan ozod qiladi. Umuman olganda, juda o‘rinli transfer.

Lekin aynan bugungi kundagi samarasi borasida hali erta. De Yong «Ayaks»da 4-2-3-1 sxemasida Lassa Shone bilan sherik edi. «Ayaks» bosh murabbiyi Erik ten Haag Frenki uchun aynan shunday sherik kerakligini, u haqiqiy «oltilik» sifatida o‘ynashga mos emasligini aytgandi. «Barselona»da esa uni Busketsga uzoq yillik o‘rinbosar sifatida ko‘rishmoqda. Shuning uchun de Yong hali ko‘p o‘rganishi kerak.

Shu tomondan va yana, Rakitichning jamoada qolganidan kelib chiqsak, bugungi kunda de Yong uchun eng mos pozitsiya hali yo‘q. Hatto Frenki bugungi tarkibdagi o‘rnini Rakitichga yutqazib qo‘yishi ham hech gap emas. Hammasi Valverdening tanloviga bog‘liq – uzoq muddatli poydevormi yoki bugungi natijami? Bu tanlov o‘yindan o‘yinga o‘zgarib turishi tabiiy. 


EDEN AZAR (Chelsi – Real) – 100 million yevro

Ronalduning ketishi «Real»ni so‘nggi o‘n yillikdagi o‘ziga xos uslubidan va yetakchisidan ayirgandi. Negadir klubda Ronaldu ketmagandek yoki uning ketishi o‘yinga umuman ta’sir etmaydigandek tutishdi va oqibati o‘tgan mavsumda nima bo‘lganini ko‘rdik.

Eden Azar aynan shu maqsadda, asosiy kuch sifatida olib kelindi. Bu yerda transfer qiymati, bu o‘tish Azar uchun nima berishi haqidagi har qanday gaplar ortiqcha. Aytish mumkinki, ahamiyat jihatidan Yevropaning eng katta transferi aynan shu bo‘ldi. Ammo u mavsum boshlanmasdan jarohat olib, jarohatlar sindromi tufayli qiyin ahvolda bo‘lgan jamoasini yana qiyin ahvolda qoldirdi.


LUKA YOVICH (Ayntraxt – Real) – 60 million yevro.

«Madrid» jarima maydoni ichida juda yaxshi harakat qiladigan va vaziyatlardan foydalanishda benazir bo‘lgan hujumchini qo‘lga kiritdi. «Real» aynan shu jabhada muammolarga ega edi, Yovich esa o‘zining ajoyi realizatsiya bilan Yevropaning e’tiborini qozondi.

Xuddi de Yong bilan «Barselona»da bo‘lgani singari, murabbiyga birdaniga Yovichdan foydalanishda muammolar yuzaga keladi. Birinchi variant, Benzemaning o‘rniga tushirish, lekin Zidan fransiyalik hujumchini juda yuqori baholaydi. Ikkinchi variant, ikki hujumchi sxemasida harakat qilish, ammo bu Eden Azarni sevimli pozitsiyasidan mahrum qiladi yoki yarim himoyani kuchsizlantiradi.   


FERLAN MENDI (Lion – Real) – 48 million yevro 

O‘tgan mavsumda chap qanot himoyasi «Real» uchun eng og‘riqli nuqta edi. Marselo ko‘p jarohat oldi va nuqul Solari bilan janjallashdi, natijada Regilonga raqobatni boy berdi. To‘g‘ri, Zidanning kelishi Marselo yana sport formasiga qaytishiga sabab bo‘ldi, lekin tushunish mumkinki, endi ishonch so‘nggan. «Real»da bu pozitsiyada yagona nomzod sifatida Marselo qolishini istashmayapti. 

Raqobat yo Marseloni eng yaxshi saviyaga qaytishiga yordam beradi yoki asosiy tarkibda uning o‘rniga yosh, uzoq muddatli o‘rinbosar paydo bo‘ladi. Mendi top-klubda o‘ynay oladigan salohiyatga ega, faqat bu qachon amalga oshishi Marseloga bog‘liq.


NABIL FEKIR (Lion – Betis) – 19.75 million yevro

«Betis»da Fekir transferini o‘sha biz bilgan Denilsondan keyingi buyuk kelishuv sifatida baholashmoqda. Futbolchining va klubning maqomidan kelib chiqsak, yozning eng hayratlanarli transferlaridan biri bo‘ldi deyish mumkin.

Narx nuqtai nazaridan tushunarli, futbolchining shartnomasi tugashiga bir yil qolganidan kelib chiqib, «Lion» 30 million yevro so‘ragandi va turli bonuslar bilan shu summani qo‘lga kiritishi mumkin. «Betis» ham Yevropa o‘lchovlaridagi taniqli nom uchun katta pul sarflamadi. 

Fekir uchun esa, noma’lum, o‘z ligasida yetakchilardan biri bo‘lgan va hujumkor jamoadan oddiy o‘rtamiyonaga o‘tmoqda. O‘zini ko‘rsatib, top darajadagi klubga bo‘lgan yo‘l nuqtai nazaridan, «Lion» istiqbolliroq edi, «Betis» bu narsani bermasligi mumkin. To‘g‘ri, futbolchining qaytalanishi mumkin bo‘lgan jarohati haqida hamma gapirdi, bu juda muhim faktor, lekin nima bo‘lgandayam, Fekir uchun bu transfer pasayish sifatida baholansa kerak.

Yana yangiliklar:

Fikr bildirish uchun ro'yhatdan o'tish yoki profildan kirish kerak