Grizmanning qochishi, Azarning orzusi va Neymarning armoni. Yozgi transferlarga nazar

Yevropa transferlar bozori yakunlari: eng yirik transferlar va amalga oshmagan rejalar haqida.

Barcha orzular ham amalga oshavermaydi

Eden Azar yozning ilk kunlaridayoq «Real» futbolchisiga aylanganida shunday hissiyot paydo bo‘lgandi: yozning asosiy transferi amalga oshib bo‘ldi, bu yozda bundan zo‘r transfer bo‘lmaydi. Axir gap madridliklar klubi prezidenti Florentino Peresa tomonidan «Santyago Bernabeu»ning Krishtianu Ronaldu sog‘inchini bosish uchun olib kelingan futbolchisi haqida gap ketmoqda.

Agar agar Neymar «Barselona»ga qaytganida hozir hech kim butun umri davomida Madridga kelishni orzu qilgan belgiyalik futbolchi nihoyat 100 million yevro evaziga transfer bo‘lib, orzusiga yetishganini eslab o‘tirmagan bo‘lardi. Kataloniyaliklar klubining «PSJ» bilan Neymar bo‘yicha muzokaralari serialga aylanib ketdi, ammo hech kim «Oskar»ni qo‘lga kiritmaydigan bo‘ldi. Usmon Dembele yovuz odam rolini o‘ynab chiqdi. Fransuz futbolchisi ushbu transfer doirasida vataniga qaytishdan qat’iyan bosh tortdi, hatto uni Dortmundda yangi bosqichga olib chiqqan Tomas Tuxelning aralashuvi ham naf bermadi. Qolaversa, Parijdagilar futbolchi almashishdan ko‘ra pul olishni ma’qul ko‘rardi. Pullar bo‘ladi, ammo bir yildan keyin va faqat 170 million yevro. Neymarning shartnomasida 2020 yilning yoziga borib badal puli miqdori shunchaga pasayishi ko‘rsatilgan.

La’natga uchragan sobiq kumir

Neymar Parijning «oltin qafasi»da qolgan bo‘lsa, Antuan Grizmann Madriddagi go‘shasini tark etishga muvaffaq bo‘ldi. O‘tgan yil fransuz o‘zining «Atletiko»da qolishi to‘g‘risida butun bir film ishlagandi, ammo bir yil o‘tib birdaniga yangi chorlovlar uchun «Kamp Nou»ga yo‘l olishini e’lon qildi. Londonlik muxlislari ko‘zda yosh bilan xayrlashgan Azardan farqli ravishda, Grizmanni ortidan la’natlab qolishdi, «Vanda Metropolitano»da hujumchi nomiga qo‘yilgan lavhani buzib tashlashdi. «Atletiko» rahbariyatini ham «Barselona» va futbolchi shartnomada ko‘rsatilgan badal puli 200 million yevrodan 120 million yevroga tushgan iyul oyi boshlanishidan ancha avval kelishib qo‘yganidan g‘azabga mindi.

Eng qimmat vunderkind

Ko‘pchilik Grizmann ketishi bilan «Atletiko»ning Chempionlar ligasi va Ispaniya chempionati g‘olibligi uchun ambitsiyalari so‘nishi mumkinligi haqida o‘ylay boshlagandi. Ammo uning o‘rni bo‘sh qolmadi. Endi Madridning oq-qizil qismida yangi kumir — 19 yoshli portugaliyalik vunderkind Joau Feliks bor. U o‘zini ko‘rsatib, yozgi transferlardagi eng qimmatbaho transfer bo‘lishi uchun «Benfika»dagi yarim mavsum yetarli bo‘ldi. Yangi jamoa qurishga kirishgan «Atletiko» lissabonliklarga uning shartnomasida ko‘rsatilgan 126 million yevroni to‘lashiga to‘g‘ri edi. Ya’ni, Feliks hozirdanoq Grizmanndan qimmatroq, unga endi muxlislar qarg‘ishiga yo‘liqqan o‘tmishdoshidan 7-raqam va omma mehri meros bo‘lib qoldi. Yosh portugaliyalikning  Krishtianu Ronaldu bilan dueli esa Chempionlar ligasi guruh bosqichining e’tiborli hodisalaridan biri bo‘ladi.

Himoyachilar rekordlari

Bir yil muqaddam transferlar bozorida darvozabonlar narxi bo‘yicha rekordlar yangilangandi, avvaliga «Liverpul» Alisson bu maqomga erishgan, bir necha kun o‘tib «Chelsi» Kepe Arrisabalagani rekord narxda sotib olgandi. O‘shanda Chempionlar ligasining yana bir bo‘lajak sohibi Virjiyl van Deyk eng qimmatbaho himoyachi bo‘lib turgandi. Bu yil esa raqib hujumlarini to‘xtatuvchi futbolchilarning narxi o‘sishi davom etdi va jahon rekordi ikki marta yangilandi. Avvaliga «Bavariya» kutilmaganda «Atletiko»dan Lukas Ernandesni sotib olishga 80 million yevro sarfladi, lekin bu rekord emasdi, 2018 yil yanvarida «Liverpul» «Sauthempton»ga van Deyk uchun 84,65 mln yevro sarflagandi, van Deykni dastlab uning yosh vatandoshi Matteys de Ligt quvib o‘tdi, bu 19 yoshli futbolchi uchun «Yuventus» «Ayaks»ga 75 million yevro to‘ladi, yana 10,5 mln yevro miqdoridagi bonus ko‘zda tutilgan, keyin  «Manchester Yunayted» «Lester»ga Angliya terma jamoasiga nomzod bo‘lgan himoyachi Harri Maguayr uchun 87 million yevro to‘lashga rozi bo‘ldi. Ko‘rinishidan ajoyib transferlar, ammo bu transferlarni haqiqiy aqlsizlik deyish ham mumkin.

Koutino uchun Myunxenda imkon

Xaridorda muayyan muddat ichida o‘zini qoniqtirmagan xaridni do‘konga qaytarib berish imkoniyati bo‘ladi. Futbolda bunaqasi imkonsiz, mish-mishlarga ko‘ra, «Real»dagilar Bundesliganing o‘tgan mavsumida porlagan serbiyalik to‘purar Luka Yovichning transferidan afsusda. 60 million yevro — hatto «Qirollik klubi» uchun arzimas pul emas. Agar gap ikki baravar ko‘proq summa haqida ketsachi? «Barselona» ham Filippe Koutinoni 146 million yevroga xarid qilgandi! Bir yil davomida u «Kamp Nou»ga moslasha olmadi va tinimsiz ravishda tribunalardagi hushtakbozliklarga duchor bo‘ldi, shuning uchun uning «Bavariya»ga ijaraga berib yuborilishi — barcha uchun ideal variant bo‘ldi. Aftidan, bunday kelishuvlar orqali («Inter»dan Ivan Perishich ham ijaraga olindi) Germaniya chempionlari Roberta Levandovskini shartnomani yangilashga ko‘ndirishdi. Agar Koutino Myunxenda ham o‘ynab ketolmasa, braziliyalik futbolchini ham Xames Rodriges bilan bo‘lgani kabi ijara muddati tugagach ortga qaytarib yuborishadi. Agar u «Bavariya»da ham «Liverpul»da ko‘rsatgan o‘yinlarini namoyish eta olsa, nemislar uning transferi uchun 120 million yevroni ayamasliklari aniq. Nemislar, albatta, pulga puxta, ammo Lukas Ernandesni 80 million yevroga sotib olgan jamoada pul ko‘p.

Ikardining quvilishi

Transferlarning so‘nggi kunida «Ikardining «Inter»dan haydalishi» nomli serialga yakun yasaldi. Fanatlar va klub bosslari g‘azabiga yo‘liqqan sardor yangi bosh murabbiy Antonio Kontening rejalaridan ham o‘rin olmadi. Mish-mishlarga ko‘ra, agar argentinalik futbolchi boshqa klubga ketishga rozi bo‘lmasa, u shartnomasi muddati yakuniga qadar zaxira o‘rindig‘ida qolishini va’da qilishgan. Yuridik e’tirozlardan qochish uchun forvardga Osiyodagi turne vaqtida (u turnega olib ketilmadi) alohida shug‘ullanishi uchun murabbiy yollandi, yangi mavsum boshlangach esa futbolchi asosiy jamoa bilan mashg‘ulotlarda qatnashdi. Xabarlarda Ikardi «Yuventus» va «Napoli»ga rad javobini berib, «Inter» so‘ragan 65 million yevroni to‘lashga tayyorligi aytilgan «Monako»ga o‘tishi ma’lum qilingandi.

Futbolchi va klub o‘rtasidagi mojaro sudgacha borishi ham mumkin edi, ammo Mauro va uning agenti hisoblangan mashhur rafiqasi Vanda Nara futbol foydasi uchun qaror qabul qilishdi. Yangi mavsumni Ikardi «PSJ»da o‘tkazadi, bu jamoaning hujumchilari Kilin Mbappe va Edinson Kavani jarohat olgan, Neymar esa hamon hammadan xafa. Urugvaylik futbolchi mavsum yakunida shartnomasi muddati tugab,  MLS chempionatiga, uni kutayotgan Devid Bekhem jamoasiga - «Inter Mayami»ga yo‘l olishi kutilmoqda, Ikardi esa bir yillik ijara muddati tugagach, parijliklar tomonidan 70 million yevroga sotib olinishi mumkin. Parij transferlarning so‘nggi kunida diqqat markazida turdi, Neymarning masalasi bo‘yicha muzokaralar so‘nggi kungacha davom etdi, qolaversa jamoaga jahonning eng kuchli darvozabonlaridan biri Keylor Navas keldi.

Yana yangiliklar:

Fikr bildirish uchun ro'yhatdan o'tish yoki profildan kirish kerak
2019-09-11 14:33:38
Axa tushinarli avjiga chiqyaptilar lekin
2019-09-11 13:31:37
v1rus
2019-09-11 08:03:52
Superadmin ishga qaytdimi