Messining tanasi - muvaffaqiyat kaliti!

Zamonamizning eng yaxshi futbolchilaridan biri to'g'risidagi haqiqatlarni etiboringizga havola etamiz.

Bir stereotip mavjudki: Ronaldu − bu tinimsiz mehnat, mashg'ulotlar mahsuli, Messi − iqtidor va fenomen. Bugun biz Messining iqtidoriga qanchalik to'g'ri baho berilishi, uning genetikasi o'ziga xosligi nimada ekani, nima sabab u bunday yugurishi va to'g'ri ovqatlanishga qanchalik etibor berishi haqida gaplashamiz. Kuni-kecha Messi jarohatidan qutilgani va yaqin vaqtlar ichida maydonga qaytishi hamda "Barselona"ga yordam berishi mumkinligi haqida xabar berildi.

Past bo'yi oyoq harakatlari amplitudasi va to'pni olib yurish texnikasiga ham tasir ko'rsatgan 

Lekin vaqtida aynan shu bo'yi tufayli uning faoliyati boshlanmay yakuniga etishi hech gap emasdi (gormonlar bilan bog'liq davolanish haqida barcha yaxshi biladi). 

Hozir Leoning bo'yi − 170 sm, lekin 11 yoshida u bor yo'g'i 130 sm edi. Oyoqlari va qadam tashlashi ham shu bo'yiga yarasha edi. Tengdoshlari bilan solishtirganda u huddi atayin yugurmayotgan, hotirjam qadam tashlayotgandek edi – 32 yoshda uning uslubi o'zgarmadi. Oyoqlari tufayli harakat amplitudasi ham qisqarardi: oyoqlari tezroq odatiy holatiga qaytadi.

Bu Messi to'pni shunchaki oldinga tashlab, tez yugurish hisobiga o'tib ketishiga imkon qoldirmaydi. Uzoqroq masofaga yugurishda to'p bilan ketayotgan Messi oyog'i nisbatan uzunroq futbolchilar bilan bellasha olmaydi. Lekin buning o'rniga unda boshqa ustunlik paydo bo'ldi − raqib uchun noqulay va to'pni olib qo'yish imkonining pasayib ketishi. Leo to'pni faqatgina chap oyog'i bilan olib yuradi (kuchsizroq bo'lgan o'ng oyoqda to'pni to'xtatish, o'ziga bo'ysundirishga ortiqcha vaqt safrlamaydi) va chap oyoqda ham o'ziga xos ravishda to'p bilan muomalada bo'ladi.

Oyoq uchida berilgan engil zarbadan keyin to'p futbolchidan uncha uzoqlashmaydi va doimo bir xil masofada bo'ladi. To'p va oyoq o'rtasidagi qisqa masofa, harakatlar amplitudasi raqiblarga qo'shimcha noqulaylik tug'diradi: himoyachi to'pning tezligi, unga harakat qilish uchun qulay fursatni ustalik bilan topa olishi va shuning barobarida Messiga tegib, qoida buzmasligi zarur. Buni hatto eng yaxshilar ham doim uddalay olishmaydi.

Tanasining bunday tuzilishi raqiblariga urilishiga qaramay, muvozanatni yo'qotmaslik imkonini beradi. SHuningdek, u juda tez va keskin burilishlarni amalga oshirishi ham mumkin. 

Bunday burilishlarga boy masofani yugurib o'tishni sportchilarda sinab ko'rishgan. Laborator holatda ispaniyalik 100 metrga sprint yugurish bo'yicha chempion Anxel Avid Rodriges "Qirollik klubi" sobiq futbolchisi Krishtianu Ronaldu bilan bahslashgan. Ular 25 metrga yugurishgan, lekin ikki xil vaziyatda. To'g'ri, to'siqlarsiz yugurishda Ronaldu bahsni boy berdi. "Oddiy yugurishda Krishtianuga to'g'ri biomexanika etishmayapti, – deya takidladi qisqa masofalarga yuguruvchi sobiq-chempion Darren Kempbell. – U uchrashuv davomida bunday tezkor harakatlarni amalga oshirmaydi. Futbolda bunday vaziyat deyarli bo'lmaydi va unga extiyoj ham yo'q".

Ikkinchi tajriba sharti o'yindagi holatga ancha yaqin edi. Masofani besh qismga bo'lishdi va ularning har birida sportchilar deyarli 90 gradusga aylanishlari zarur edi. "Bu mashqda odam tanasining tortishish markazi pasga ketadi, – davom etadi Kempbell. – Bu mashqda tizza, son va futbolchilar uchun muhim muskullar ishlaydi".

Tabiiyki, futboldaginga yaqinroq holatda Ronaldu raqibidan ustunlikka erishdi: 6,35 Rodrigesda esa 6,86. Har bir burilishdan avval tajribali Ronaldu qadamlar kengligini qisqartiradi va tezlikni biroz pasaytiradi. Bu esa o'z navbatida masofaning keyingi qismiga tezroq kirishish imkonini beradi. "Formula-1" tilida aytadigan bo'lsak, tajribali uchuvchi burilishga qaysi tezlikda kirsa, mashina yo'lakdan chiqib ketmay, o'z navbatida tezligini ham iloji boricha saqlab qolishini yaxshi biladilar. 

Lekin Ronalduning bo'yi − 187 sm. Portugaliyalik bunday natijaga erishish uchun yillar davomida qattiq mehnat qilgan. Messida bu narsa tug'ma! Uning yordamida argentinalik besh metr masofada soatiga 20 km tezlikkacha chiqa oladi (UEFA rasmiy saytining 2012 yildagi malumoti). Ronalduning bu boradagi ko'rsatkichi – 18 km/s.

Messi uslubida bir kamchilik bor − quvvatning cheksiz sarflanishi. Aynan shu sabab 2014 yil sal qolishiga, ozgina qolgan edi...

Lekin aynan shu narsa Messini faoliyatidagi asosiy burilish nuqtasiga olib keldi. Liverpuldagi tabiiy fanlar maktabi universiteti aniqlashicha: "Nostandart harakatlar – orqaga va yon tarafga yugurish, tezlanish, sekinlashish va yo'nalishni keskin o'zgartirish – metabol yuklamani kuchaytiradi".

Soddaroq qilib aytadigan bo'lsak, yugurib ketayotgandagi keskin burilishlar va 5-6 metr joyda himoyachilar orasidan "raqs tushib" o'tib ketishlar, qanotdan uzoqroq masofaga yugurilgan sprintdan ko'ra ko'proq kuch talab etadi. Bu fikrni "Quarterly Research for Exercise and Sport" nashriyotida chop etilgan maqola ham tasdiqlaydi. "Futbol to'pi bilan driblingning sof fiziologik qiymati" nomli maqolada mualliflar shunday xulosa chiqarishadi: dribling ko'proq quvvat sarflanishiga olib keladi va qo'shimcha yuklamali mashq sifatida qabul qilinadi. Bunday holatlarda qondagi laktat miqdori katta tezlikda yugurgandagidek holatga ko'tariladi. Qondagi laktat miqdori mushaklarda sut kislotasi to'planishini anglatadi – o'sha davomli mashqlar, og'ir mashg'ulotlardan so'ng his qiladigan "og'irlik". Uning o'sishi charchoq va ishlashning pasayishi bilan birga keladi. Messining foydalilik darajasida 2014 yilga kelib biroz pasayish kuzatildi.

CHempionlar Ligasining 2013/14 yilgi mavsum chorak final javob uchrashuvidan so'ng (o'shanda "Barselona" "Atletiko"ga qarshi to'p tepgandi), UEFA saytining rasmiy statistikasida daxshatli bir raqamni kuzatish mumkin edi. Leo butun o'yin davomida 6,8 km masofani bosib o'tgan. Solishtirish uchun, darvozabon Pintudan bir yarim km ko'proq xolos.

Messi deyarli 27 yoshda edi. Bu uning "Barselona"dagi to'qqizinchi mavsumi edi. U yil davomida 25ta va undan ko'p o'yin o'tkazgan mavsumlarni inobatga olsak. katta kuch talab qiladigan "zigzaglar", raqiblarning oyoqlariga muntazam zarbalari, mashg'ulotlardan bosh tortish (Leoning sobiq jamoadoshi Aleksandr Glebning aytishicha, Messi mashg'ulot vaqtida yugurmay, sekin, o'zini ortiqcha qiynamay yayov yurgan va bazi mashqlarni o'tkazib yuborgan) va to'rtta "Oltin to'p"dan keyin biroz bo'shashish argentinalikning sport formasiga tasir qilmay qolmadi. 

O'sha vaqtdagi inqirozning yana bir omili − to'g'ri ovqatlanish. 2014 yil 25 sentyabr. "Malaga"ga qarshi o'yin durang bilan yakunlandi. Ispan gazetasi "Libertad Digital" "Barselona" futbolchilari "nima eb, nima ichgani" haqidagi malumotni chiqarib yubordi. Aniqlanishicha, o'yindan so'ng Messi ikki hissa ko'proq pishloqli picca va "sprayt" ichgan. OAV tomonidan bosim va Ronalduning qatorasiga ikkinchi g'alabasidan keyin Messi tayyorgarlikka bo'lgan munosabatini o'zgartirdi.

Messi — shirinlik, hamirli ovqatlar va go'sht emaydi

Argentina termasining sobiq o'yinchisi Martin Demichelis unga italiyalik dietolog Juliano Pozerga murojaat qilishini aytdi. U Messining ovqatlanish racionini tubdan o'zgartirib yubordi: shirin gazli ichimliklar taqiqlandi. “SHakar — mushaklar uchun eng zararli mahsulot, — deydi Pozer “Mundo Deportivo”ga bergan intervyusida. — Inson shirinlikdan qanchalik uzoqlashsa, shunchalik baquvvat bo'ladi”.

Messining dietasi 5ta muhim tarkibga asoslangan: toza suv, sifatli zaytun moyi, don mahsulotlari, yangi meva va sabzavotlar. Bundan tashqari, Pozer yong'oq va don eyishni tavsiya qildi. Asosiy shart: mahsulotlar organik, yani zararli moddalar bilan ishlov berilmagan bo'lishi kerak. “Aynan shuning uchun men Leoga un mahsulotlarini taqiqladim — sababi zararli moddalar qo'shilmagan bug'doyni topish juda qiyin”, — tushuntiradi Pozer.

SHuningdek, go'sht ham qattiq nazorat ostiga olindi. Azaldan urugvaylik hamda argentinaliklar go'shtti juda sevib istemol qiladilar. O'zingizga malum, go'shtli taomlar boshqa mahsulotlarga qaraganda sekinroq hazm bo'ladi va ovqat hazm qilish tizimiga salbiy tasir ko'rsatadi. Pozerning rejasi ish berdi: Leo 2015 yil 3 kgga ozdi, tezkorligini qaytardi va Ronaldudan "Oltin to'p"ni olib qo'ydi.

Mashg'ulotlar: dahshat yugurish, "planka", sakrash va cho'zilish

Dietologdan tashqari, Messining “ustozlari” qatorida fizioterapevt Marselo D’Andrea ham paydo bo'ldi. U ancha vaqtdan beri Argentina termasida ishlaydi, biroq tez-tez Barselonaga ham borib turadi. DʼAndrea jarohatdan keyin tezroq tiklanishida Messiga katta yordam beradi. Aynan u to'g'ri mashg'ulot qilish dasturini o'yinchiga tuzib berdi. Mashqlarning asosiy maqsadi — yuqori tempda yugurish va harakatchanlik qobiliyatini saqlab qola bilish. Keksalik jarayonini ortga qaytarib bo'lmaydi, biroq uni sekinlashtirish mumkin: Leo hech qachon mushaklardan tashkil topgan “mashina” bo'lmagan; ortiqcha mushaklar chaqqonlik va tezlik muvozanatiga salbiy tasir ko'rsatishi mumkin – Lukaku bunga yorqin misol.

“Maydondagi tezlik va chaqqonlik uchta tarkibiy qismga bog'liq, — deydi “Athletes' Performance” direktori Kreyg Fridman. U 2006 yilgi chempionatda Germaniya termasi shtabida ishlagan va jismoniy tayyorgarlikka masul shaxs bo'lgan. — Birinchidan, juda kuchli bo'lishingiz lozim. Ikkinchidan, tovon, son va ko'krak qafasi energiyaga bardosh bera olishi kerak. Siz hamma narsani to'g'ri bajarishingiz darkor: yani harakatlanish texnikasiga ega bo'lish shart”.

Messining individual mashg'ulotlarini ommadan sir tutishadi. Lekin bazi detallar baribir "tashqariga chiqib ketadi". Dastur ikki kundan iborat: birinchi kun Messi tezlik va harakatlar tezligi, ikkinchi kun esa chaqqonlik va tanasining harakatlanish tezligi ustida ishlaydi.

Birinchi davrni argentinalik "planka"dan boshlaydi (press uchun eng yaxshi mashg'ulot), keyin tizzalarini yuqoriga ko'tarib oldinga sakraydi, keyin sonini iloji boricha yuqoriga ko'tarib yuguradi. Yugurish mashqlaridan so'ng ikki oyoqda turgan joyida tepaga sakraydi. Kichik tanaffusdan keyin devor oldidagi mashqlar va 9 metrga qisqa tez yugurish mashqlari bo'ladi.

Ikkinchi davrni Leo yon taraflama "planka"dan boshlaydi, keyin tizza va son mushaklarini qizdiradi. Kichik tanaffusdan so'ng bitta oyoqda sakrash mashqlarini va to'siqlar ustiga sakrashni amalga oshiradi. Ikkinchi kun mashqlari to'siqlar osha yugurish bilan (tezlikda va nisbatan sekin yugurgan holatda) yakunlanadi. Messi dasturida birorta ortiqcha mashg'ulot yo'q — u faqatgina kerakli mashqlarni bajaradi va shu bilan kifoyalanadi. Pressdagi "olti kubiklar" yoki ideal sportchi qomati uni tashvishga solmaydi.

 

Nozima Zaripova tarjimasi

Yana yangiliklar:

Fikr bildirish uchun ro'yhatdan o'tish yoki profildan kirish kerak