FIFA reytingi. O‘zbekiston 88-o‘ringa tushdi, Falastin yuzlikka yaqinlashdi

FIFA 2019 yil 19 sentyabr holatiga ko‘ra milliy jamoalarning yangi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, JCH-2022 saralashini Falastinga qarshi mag‘lubiyat bilan boshlagan Ektor Kuper murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy jamoasi 4 pog‘ona pastlab 88-o‘ringa joylashdi.

Saralash o‘yinida O‘zbekistonni mag‘lub etgan Falastin esa reytingda 1 pog‘ona yuqorilab, 101-o‘ringa chiqib oldi. O‘zbekiston Osiyo jamoalari ichida reytingda 12-o‘rinda turibdi.

Qayd etish kerak, Ektor Kuper boshqaruvidagi jamoa shu yil iyunda 13 oy ichida ilk marta Osiyo miqyosida o‘nlikka qo‘shilgan, iyul oyidagi reytingda ham o‘ninchi o‘rnini saqlab qolgandi. Avgust oyida esa FIFA terma jamoalar reytingini e’lon qilmaydi.

JCH saralashini g‘alaba bilan boshlagan Suriya 2 pog‘ona yuqorilab O‘zbekistonni ortda qoldirdi va 85-o‘ringa joylashdi. Osiyo jamoalari orasida hamon Eron reytingda yetakchilik qilmoqda. Mark Vilmots jamoasi dunyo reytingida 23-o‘rinda bormoqda.

Dunyo reytingini hamon Belgiya milliy jamoasi boshqarmoqda. Keyingi o‘rinlarda Fransiya, Braziliya, Angliya, Portugaliya va Urugvay egallagan. Kuchli o‘nlikni Argentina yakunlab bergan.

Yana yangiliklar:

Fikr bildirish uchun ro'yhatdan o'tish yoki profildan kirish kerak