La liga. «Granada» «Barselona»ni mag‘lub etib, peshqadamga aylandi!

Ispaniya chempionatining 5-turida jadvalda yonma-yon borayotgan "Granada" va "Barselona" jamoalari o‘zaro to‘qnash kelishdi. Odatda autsayderlar safida yuradigan granadaliklar ushbu mavsumda bejiz yaxshi natijalar qayd etmayotganini isbotlashdi.

Uchrashuv avvalida Nelson Semedu qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, oddiy vaziyatni to‘pni raqib futbolchisiga berib qo‘ydi. "Granada" darhol o‘ng qanotdan xavfli hujum tashkil qildi. Puertasning zarbasidan keyin  to‘p Pikening oyog‘iga tegib, ter Shtegenning ustidan oshib o‘tdi. Aziz esa chiziq yonida to‘pni bosh bilan darvozaga to‘g‘rilab qo‘ydi.

Kataloniyaliklar butun bahs davomida nursiz o‘yin namoyish qilib, raqib mudofaasini yorib o‘ta olishmadi. Hattoki, ikkinchi bo‘lim boshida maydonga Messi va Fatining tushishi ham yordam bermadi. Bo‘lim oxirlarida bu ikki futbolchi ikkita yaxshi kombinasiya tashkil qilishdi. Ammo Ansuning xavfli uzatmasini, keyinchalik Messining zarbasini Ruy Silva egallab olishga muvaffaq bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida esa hakam VAR yordamida "Barselona" darvozasiga penalti belgiladi. Jarima zarbasi amalga oshirilganidan keyin to‘p Arturo Vidalning qo‘liga tekkan edi. Vadilyo 11 metrli jarima zarbasidan unumli foydalanib, hisobni 2:0ga yetkazdi.

Ushbu g‘alabadan keyin "Granada" o‘z ochkolarini 10taga yetkazib, La liga jadvalida peshqadam bo‘lib oldi. Jamoa ushbu mavsumda faqat "Sevilya"ga kichik hisobda yutqazdi. "Selta" va "Espanyol"ni safarda mag‘lub etgan bo‘lsa, "Vilyarreal" bilan mehmonda 4:4 hisobida durang o‘ynagan edi. Ajoyib natijalar.

"Barselona" esa 7 ochko bilan hozircha 7-pog‘onada turibdi.

Ispaniya La ligasi, 5-tur
Granada – Barselona 2:0 (1:0, 1:0)
Gollar: 1:0 – 2 Aziz, 2:0 – 66, penalti Vadilyo.
Granada – Ruy Silva, Dias, Duarte, Xerman Sanches, Neva, Errera (Gonalon, 83), Montoro, Puertas, Aziz, Machis (Vadilyo, 62), Soldado (Fernandes, 58).
Barselona – ter Stegen, Semedu, Pike, Langle, Firpo (Fati, 46), Serji Roberto, de Yong, Rakitich (Vidal, 62), Karles Peres (Messi, 46), Suares, Grizmann.
Ogohlantirishlar: Suares (21), Pike (45), Soldado (48), Errera (49), Fernandes (87).

Yana yangiliklar:

Fikr bildirish uchun ro'yhatdan o'tish yoki profildan kirish kerak
2019-09-23 10:03:41
Nafasizni shamol uchursin
2019-09-22 18:57:18
Маза килдим куриб маглубият бардавом булсин